Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Marg‘ilonda «Otabek va Kumush uyi» quriladi. Hokim va’da berdi

Marg‘ilonda «Otabek va Kumush uyi» quriladi. Hokim va’da berdi

Marg‘ilon shahri nomi «yashil makon», «ko‘kalamzor» degan ma’nolarni beradi. Bu o‘lkaning tarixi miloddan avvalgi 4-3 asrlarga borib taqaladi. Aynan o‘sha davrga oid dehqonchilik madaniyati belgilari Marg‘ilon zaminidan topilgan.

Marg‘ilonning bugungi O‘zbekiston iqtisodidagi o‘rni ham juda katta. Bugun shahar hokimi Adham Ziyovutdinov 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha bo‘yicha murojaat bilan chiqish qildi. Tadbir yakunida deputatlar va jurnalistlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida ta’lim, iqtisod, turizm va boshqa masalalar bo‘yicha savollarga javob berildi.

— 7 yil oldin viloyatning sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev tomonidan alohida guruh tashkil etilib, aynan Marg‘ilonda maktab bitiruvchilarining oliygohlarga kirish masalasi o‘rganilgan edi. Aytish joiz, Marg‘ilonda bekorchi yoshlar deyarli yo‘q. Boshqa hududlardagi singari to‘planib, bekorga vaqt o‘tkazmaydi. Maktabni bitirdimi, biror hunarmandga shogird bo‘lib, hunar o‘rganadi. Shu sababli OTMlarga kirish darajasi past. Besh yil oldin bu ko‘rsatkich 7 foiz edi, endi 10 foizga ko‘tarildi. O‘sish bor, ammo kutilganidek emas. Mana shu masalaga Marg‘ilonning spetsifikasidan kelib chiqib javob bera olasizmi? Shaharda asosiy e’tibor hunarga berilgani uchun shunday bo‘lyaptimi?
— Darhaqiqat Marg‘ilonda 33 ta umumta’lim maktabi va bitta iqtidorli bolalar maktabi bo‘lsa, shundan faqat 275 nafar bitiruvchi OTMga kirgan. Biz ushbu masalani maktab direktorlari va mutasaddilar bilan muhokama qildik. Hatto xalq ta’limi boshqarmasi rahbarini lavozimdan olish masalasi ko‘rildi. Mutaxassislardan fikr oldik, nima qilish kerak, degan savolga javob izladik. Aytish joiz, oliygohlarga kirish darajasini oshirish uchun o‘nta maktabda maxsus kurs ochilmoqda. Ehtiyojmand oilalar farzandlari repetitorga berilmoqda va ularning puli Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab beriladi.

Gap shundaki, maktablarda 6-7 sinfdan so‘ng davomat kamaya boshlaydi. Chunki aksariyat bolalar hunar o‘rganishni boshlaydi, deyarli har ikki oilaning biri tadbirkor hisoblanadi. Kimdir oyoq kiyim uchun poshna tayyorlaydi, kimdir tepa qismini tikadi, boshqasi sotish bilan shug‘ullanadi. Bu bo‘yicha ota-onalar bilan ishlayapmiz, suhbat olib boryapmiz. Ta’lim muhim ekanini tushuntirib, anketa ma’lumotlarini to‘ldiryapmiz. O‘ylaymanki, natija bo‘ladi.

— Marg‘ilondan mashhur san’atkorlar ko‘p chiqqan. Ammo ularning uy muzeylari yo‘q. Masalan, shahrimizga kelgan mehmonlar Tamaraxonim tug‘ilgan uyni so‘rab qolishsa, ko‘rsata olmaymiz. Bu borada nima deya olasiz?
— Savolingiz juda o‘rinli. Shaxsan o‘zim bilan ham shunaqa holat bo‘ldi. Kuni kecha Toshkentdan kelgan mehmonlar bizdan Kumush va Otabek yashagan uyni ko‘rsatishni so‘rashdi. Ammo tumandagi to‘rtta sektor rahbarlari ham bu savolga javob bera olmadi. Bu bo‘yicha ish olib borilyapti. Yaqinda «Dunyo» mehmonxonasi qurildi. O‘sha mehmonxonaning yonidan ramziy tarzda Mirzakarim qutidorning uyini qurish ishi boshlangan. Shu bilan birga Marg‘ilondan chiqqan taniqli san’atkorlarni targ‘ib qilish ishlarini ham olib boramiz.

— Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar»ni yozishdan oldin bir yil Marg‘ilonda yashab, material to‘plagan ekan. O‘sha Qodiriy yashagan uyni topib, muzey qilsak bo‘lmaydimi?
— Taklifingiz inobatga olinadi.

— Marg‘ilonda ichki turizm va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar qilinyapti? Har holda shahar bu bo‘yicha ulkan potensialga ega...
— Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Marg‘ilonda turizni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Avval shaharda ikkitagina mehmonxona bor edi, endi 9 ta bo‘lgan. Keyingi yillarda atlas festivali o‘tkazildi, Buyuk ipak yo‘li folklor festivali o‘tkazildi. Pandemiya tufayli to‘xtab qolgan bo‘lsada, atlas festivalini kelasi yil beshinchi marta o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Shahrimizda 41 ta madaniy meros ob’yektlari mavjud. Prezident topshirig‘iga ko‘ra vohadan vodiyga kelayotgan mehmonlar sonini tahlil qilish va sayyohlik agentliklari bilan hamkorlikda 5 kunlik sayohat paketi tashkil etishni rejalashtirganmiz. Sayyohlar vohadan olib kelinib, yana qaytarib olib borib qo‘yiladi. Turpaket narxi ham katta emas.

Marg‘ilonda Uzunhovuz degan tarixiy joy bor. Shu yerda 50 sotix maydonda joylashgan eski mahalla bor. Har qancha snoslar va yangi qurilishlar bo‘lsa ham mana shu mahallani buzishga bermadik. Otabek va Kumushning uyini aynan shu yerdan qurishni niyat qilganmiz. Bu bo‘yicha marshrut ham tuzilgan, loysuvoqli uylardan iborat eski mahalla tashkil etishni ham maqsad qilganmiz. Afsuski ish ko‘payib ketib, tashabbus sal to‘xtab qoldi. Ammo loyihadan butkul voz kechganimiz yo‘q, 2021 yilda shu ishni amalga oshiramiz. Buning uchun viloyat hokimligidan ham yordam beriladi.

«O‘tgan kunlar»ni o‘qigan odam borki, albatta Marg‘ilonni ko‘rishni istaydi. Butun O‘zbekistondan mehmonlar keladi.

Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha ham katta rejalar bor. Islom olamida katta obro‘ga ega bo‘lgan Burxoniddin Marg‘iloniy aynan shu yerda ta’lim olgan. U o‘qigan chillaxona hamon mavjud. Ikki yil oldin Turkiyadan yuqori mansabli mutasaddi mehmon bo‘lib kelganda o‘sha chillaxonaga olib borgan edik. U tilovat qilib, Marg‘iloniy bobomizga bag‘ishladi va Turkiyaga borganda, bu yer haqida albatta so‘zlab berishini aytgan edi.

Marg‘ilonda ziyoratgo joylar juda ko‘p, darhaqiqat ularga e’tibor qaratish shart. Biz bu joylarimizni targ‘ib qilib, turizmni rivojlantirishga e’tibor qaratishimiz kerak.

Tadbir yakunida Marg‘ilon shahar xalq deputatlari kengashi tomonidan kommunal xizmatlar hisobotini eshitish bo‘yicha taklif berildi.

Unga ko‘ra respublika va mahalliy budjetdan kommunal xizmatlarni rivojlantirish uchun ajratilayotgan mablag‘lar qay darajada maqsadli sarflanayotgani bo‘yicha hisobot berilishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi. Elektr, gaz va ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha uchrayotgan muammolar bo‘yicha tushuntirish berilishi so‘raldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring