«Ta’lim muammolari darslikdan boshlanmoqda» nomli maqola yuzasidan mulohazalar
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-sinf darsliklari yuzasidan ko‘plab fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Albatta, quvonarli holat. Darsliklarni jamoatchilik fikri asosida yaratish va nashr etish ko‘plab ilmiy masalalar yuzasidan ikkilanish va mavhumlikni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Biroq mulohaza bildirayotganlar negadir masalaning ikkinchi jihatini unutib qoldirayotgandek. Bugun, o‘quvchilarning bilimlarini nazorat qilishning xalqaro dasturlariga o‘tilayotgan bir davrda, faqat bilim berish manbaiga aylanib qolgan, bilimlarni tayyor, mushohada va tafakkur yuritmay o‘zlashtirish imkonini berayotgan darsliklarni yaratishni talab qilish qanchalik o‘rinli?!
Mavzuga doir:
Ta’lim muammolari darsliklardan boshlanmoqda (1-maqola)
Ijtimoiy tarmoqlardagi, gazetalardagi darsliklarga oid materiallarni muntazam o‘qib boraman. Bir savol qiynaydi: jonkuyarligimizni avval mualliflarga murojaat qilish, mutasaddi tashkilotlarga taklif berish orqali ko‘rsatsak to‘g‘ri bo‘lmaydimi?! Shunda masalaga oydinlik kiritish, murakkab mavzular yuzasidan qo‘shimcha materiallarning elektron varianti, mavzu yuzasidan metodik tavsiyalarga ega bo‘lish imkoni paydo bo‘lmaydimi?!
Maqolada «Hozirgi 10-sinf matematika darsligi, to‘g‘risi, biz institutda o‘rgangan mavzular bilan boyitilgan, unda ona tiliyam bor, informatikayam bor...» degan fikrni o‘qib, didaktikaning fanlararo aloqadorlik, integratsiya tamoyillarini unutib qo‘ymayapmizmi, degan haqli savol tug‘iladi.
Mavzuga doir:
«Nega mantiq?» yoxud «Matematika-10» darsligining 1-qismi haqida ba’zi mulohazalar
Matematikani o‘rganayotgan o‘quvchi uni kundalik faoliyatda qo‘llay olmasa, bunday «bilimlar zaxirasi»dan nima naf bor?! Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’lim modeli o‘quvchilar tomonidan umumta’lim fanlarini o‘rganish jarayonida egallangan bilimlarni kundalik faoliyatda qo‘llay olish layoqatiga ega bo‘lishni talab etadi. Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’lim dasturlari va darsliklari ham mazkur talablarga javob berishi shart.
Ana shu nuqtai nazardan 10-sinf «Matematika» darsligi mualliflarining yondashuvlarini didaktik olim sifatida ijobiy baholagan bo‘lar edim. Har qanday yangilik amaliyotga joriy etilar ekan, turfa fikrlar, e’tirozlar bo‘lishi tabiiy.
Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan o‘quv dasturlari va darslik materiallarini o‘quvchilar o‘zlashtirishda qiynalayotgan bo‘lsa, o‘qituvchilar tushuntirib berishda ojizlik qilayotgan bo‘lsa, bu muallifning aybi deb baholanmasligi lozim. Aslida pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlarining birinchi galdagi vazifasi o‘qituvchilarni yangi yondashuvlar, innovatsiyalar va yangi darsliklardagi o‘quv materiallaridan foydalanishga tayyorlash bo‘lmog‘i darkor.
Mavzuga doir:
Ta’lim muammolari darsliklardan boshlanmoqda (2-maqola)
Shuni unutmasligimiz kerakki, jahon ta’lim tizimi, xorijdagi ta’lim oluvchilarga havas qilayotgan ekanmiz, xalqaro baholash dasturlari (PISA va TIMSS) talablariga javob berishga tayyor bo‘lish haqida ham bosh qotirishimiz zarur. Hatto o‘zining ta’lim tizimi dunyoda tengsizligiga «mahliyo» bo‘lgan davlatlar ham xalqaro baholash dasturlarida ilk bor qatnashganida shokka tushganligi aniq fakt.
Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, darslikni ayblash bilan ish bitmaydi. Dunyoda ideal deb qaraladigan darslik bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Biroq kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan darsliklarni amaliyotga tatbiq etishga doir videoseminarlar, vebinar darslarni o‘qituvchilar hukmiga ko‘proq va xo‘broq havola etib borsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Begzod Xo‘jayev,
pedagogika fanlari doktori, professor.
(Maqola tahririyat elektron pochtasiga kelgan).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter