«Manchester Siti» YChL dan chetlatilishi mumkin

«Manchester Siti» klubi premer-ligadagi yutug‘ini nishonlab ulgurmasdan transferlar taqiqi va Yevropa chempionlar ligasidan chetlatilish xavfi paydo bo‘ldi.
Chempionlik va Liga kubogidagi sovrin bilan birga «shaharliklar» Angliya kubogini ham o‘z hisobiga qo‘shib olishi mumkin. Ular finalda «Uotford» bilan to‘qnash kelishadi.
Biroq klubga UYeFA va FIFA tomonidan jiddiy choralar ko‘rilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, joriy mavsum davomida «Manchester Siti» UEFAning feyr-pley qoidalarini buzganligi haqidagi ma’lumotlar chop etilib bordi.
Oxir-oqibat omma va boshqa klublarning bosimi ostida adolat istab UEFA katta miqyosdagi surishtiruv ishlarini boshladi. The New York Times nashrining ma’lumotiga ko‘ra, ikki hafta muqaddam tergov ishi xulosasini tayyor bo‘lgan. Shu kunlarda UYeFA «Siti»ni chempionlar ligasidan kamida bir mavsum chetlatishga qaror qilishi mumkin.
«Manchester Siti» klubi aybdor deb topilgan taqdirda Sport arbitraj sudiga appelyasiya berish huquqiga ega, shuning uchun ham UEFA ushbu jazoning 2020/21 yilgi mavsumdan boshlab amal qilinishini kutmoqda.
Premer-liga chempionlarining ikkinchi katta muammosi FIFA bilan bog‘liq. Football Leaks internet portalining qo‘liga tushgan hujjatlarga ko‘ra «Manchester Siti» nafaqat moliyaviy feyr-pley qoidalariga amal qilmagan, balkim 18 yoshga to‘lmagan futbolchilar transferini ham amalga oshirgan.
Xuddi shunday vaziyatni ushbu mavsum «Chelsi» klubi misolida ko‘rishimiz mumkin. Ular ikki transfer mavsumida futbolchi sotib ololmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter