«Mamlakatlarimiz dunyodagi eng kam «birlashgan» mamlakatlar qatorida qolmoqda…» – Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlat rahbari, jumladan, tashqi savdo hamda logistika masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
«Jahon banki xulosasiga ko‘ra, mamlakatlarimiz hali ham dunyodagi iqtisodiyoti eng kam «birlashgan» mamlakatlar qatorida qolmoqda.
Gap ichki mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmog‘i haqida bormoqda.
Bundan tashqari, mintaqa geografiyasining o‘ziga xosligi tufayli tashqi savdo yuklarini tashish xarajatlari ulushi tovar yakuniy qiymatining 50 foiziga yetmoqda. Bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 4-5 barobar yuqori.
Men samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun hamkasblarimdan minnatdorman», – deydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi, shuningdek, ayni paytda kun tartibida Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlariga chiqishni ta’minlovchi ko‘plab loyihalar mavjudligini ta’kidladi.
«Kelishilgan tarif siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, milliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash, transport tarmoqlari va infratuzilmasini modernizatsiya qilish, chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, transport sektorini raqamlashtirish masalalari tizimli yondashuvni talab qiladi.
Fursatdan foydalanib, Transport va tranzit to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish bo‘yicha taklifimizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Uning qoidalarini amalga oshirish maqsadida transport vazirliklari, tashuvchilar va ekspeditorlar, logistika kompaniyalari va mutaxassislar ishtirokida Ekspertlik konferensiyasini o‘tkazishni taklif qilamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter