Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mamlakatdagi hammomlar soni mashinalar sonidan ko‘proq!» Finlandiyadagi yurtdoshimiz bilan suhbat (2-qism)

«Mamlakatdagi hammomlar soni mashinalar sonidan ko‘proq!» Finlandiyadagi yurtdoshimiz bilan suhbat (2-qism)

Sunnat Samadov.

«Xorijdagi vatandoshlar» rukni ostida Finlandiyada tahsil olayotgan hamyurtimiz Sunnat Samadov bilan intervyuning birinchi qismi avvalroq e’lon qilingan edi. Bugun ana shu suhbatning ikkinchi qismini e’tiboringizga havola etamiz.

– Sizni bu yerda nima ko‘proq hayratlantiradi?

Hozirda Xelsinki shahrida yashab kelyapman. Bu yer poytaxt bo‘lishiga qaramay, aholi ko‘p ham zich joylashmagan. Shahar o‘ziga xos tabiatga ega. Ayniqsa, har tomonlama qulay bo‘lgan jamoat transporti faoliyatiga havasingiz keladi.

Xelsinkida meni g‘oyatda hayratlantirgan narsa bu kutubxonalarning soni bo‘ldi. Har qadamda kutubxonalar chiqaveradi. Ulardan hamma birdek istalgan vaqtda kirib foydalanishi mumkin. E’tiborlisi, kutubxonalarda barcha qulayliklar yaratilgan. Ya’ni, qariyalardan tortib bog‘cha bolalarigacha. Bolalar uchun alohida rasmli kitob jovonlari, o‘yin maydonchalarini bu yerdagi deyarli barcha kutubxonalardan topa olasiz. O‘zim ham bo‘sh vaqtlarimni kutubxonada o‘tkazishni yoqtiraman.

Xelsinkining yana bir e’tiborli jihati bu velosipedlar uchun maxsus yo‘laklarning ko‘pligidir. Bu yo‘llar minglab kilometrgacha cho‘ziladi. Shahar ma’muriyati velosipedlar uchun maxsus yo‘laklarni ko‘paytirib bormoqda. Qizig‘i, shaharda havo harorati minus o‘n daraja sovuq bo‘lgan paytlarda ham ko‘chalarda veloishqibozlarni ko‘plab uchratishingiz mumkin.

Sunnat Samadov.

– Finlar xarakteri jihatidan qanday xalq va ularning xorijliklarga munosabatichi?

Finlandiyada qariyb bir yildan ortiq yashagan odam sifatida aytishim mumkinki, finlar juda ham ajoyib xalq. Ular tartib va ozodalikni yaxshi ko‘rishadi. Hattoki, avtobus bekatlarida ham bir biridan 1 – 2 metergacha oraliq masofani saqlab navbatda turishadi. 

Shuningdek, ular bilan tezda til topishish qiyin. Ko‘pincha finlar ko‘chada, avtobusda begonalar bilan muloqot qilishmaydi. Boshida bunga moslashishim oson bo‘lmagan. Lekin keyinroq hammasi o‘z iziga tushib ketdi. Hozir ko‘plab fin do‘stlarim bor.

Qolaversa, finlandiyaliklar sport mashg‘ulotlari – xokkey, futbol, velosayohat va basketbolni xush ko‘rishadi. Ularning yana bir sevimli mashg‘uloti bu – Fincha hammom yoki Fincha saunaga tushish. O‘ylashimcha, mamlakatdagi saunalar soni mashinalar sonidan ko‘proq. Bilishimcha, har bir xonadonda kamida bitta, o‘rtacha ikkitadan yozgi va qishki saunalar mavjud. Bu ham albatta ozodalikka intilish ortidan, deb hisoblayman.

Ularning xorijliklarga bo‘lgan munosabatiga kelsam, ajnabiylarga munosabat umuman olganda yaxshi shakllangan. Davlatda yashayotgan har bir migrant Finlandiya fuqarolari ega bo‘lgan deyarli barcha imtiyozlardan foydalana oladi. Bundan tashqari, chet elliklarga bepul fin tili kurslari tashkil qilingan.

Qurilishda ishlaydigan bir do‘stim aytgan edi. Xorijiy migrantlarga tegishli davlat tashkilotlaridan kelib haq-huquqlari va turli imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib borilar ekan. Ya’ni soatbay ish haqi miqdori, dam olish kunlaridagi mehnat haqlari shular jumlasidan.

Finlandiyaga kelish niyatidagilarga ma’lumot sifatida aytib o‘tsam, hamma yerda bo‘lgani kabi bu yerda ham yuqori maoshli ishga joylashish uchun fin tilini bilish talab qilinadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, finlarning deyarli barchasi shved va ingliz tilida gaplasha olishadi.

Yana, shuningdek, O‘zbekistondek quyoshli o‘lka aholisi uchun bu yerga moslashish biroz qiyinchilikni keltirib chiqarishi mumkin. Sababi qishda kun davomiyligi 3 – 4 soatgacha kamayadi. Quyoshning chiqish davomiyligi kamligi bois vitaminlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilish juda zarur.

– Sizningcha, Finlandiyaning qanday tajribalaridan o‘rnak olsa bo‘ladi?

Finlandiya o‘z aholisi uchun yuqori ijtimoiy himoyani ta’minlay olgan. Xususan, ta’lim olish va tibbiy xizmat bepul. Bundan tashqari ishsizlik nafaqasi, yosh bolasi borlarga yaxshi summa to‘lanadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, soliqlar boshqa davlatlarga nisbatan balandroq. Ammo, meni nazarimda soliqlarning yuqori bo‘lishi aholining ijtimoiy himoyasidan kelib chiqib to‘laqonli o‘zini oqlaydi.

Qolaversa, talabalarga ham katta imtiyozlar beriladi. Deyarli barcha talabalarga stipendiya va o‘qish davridagi ijara haqini davlat o‘z bo‘yniga oladi. Shu bilan birga xorijlik talabalar ham mazkur imtiyozlardan foydalanishi mumkin.

– Mutaxassisligingizning bugungi rivojlanayotgan O‘zbekiston uchun muhimligi qay darajada deb o‘ylaysiz?

Keyingi yillarda inson omilining tabiatga ta’siri juda ortib ketdi. Buning natijasida global isish jarayoni jadallashyapti, abadiy muzliklar eriyapti. Turli xil kimyoviy chiqindilar yer maydonlarini zararli holatga keltirmoqda. Bu o‘z navbatida, bio xilma-xillikning yo‘qolib borishiga sabab bo‘lyati. Afsuski, mana shunday tabiat inqirozi dengiz sathining ko‘tarilishini keltirib, dunyoning bir necha yuzlab shaharlariga katta xavf tug‘dirmoqda.

Mening mutaxassisligim axborot texnologiyalari yordamida inson omilining atrof-muhitga bo‘lgan ta’sirini kamaytirishga yo‘naltirilgan. Masalan, resurslardan foydalanishni optimallashtirish, energiya sarfi va kimyoviy chiqindilarni kamaytirish, aholining bu boradagi savodxonligini oshirishda ITdan samarali foydalanish kabilarni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab bunday mutaxassislarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Men bu yo‘nalishda tahsil olgan ilk o‘zbekistonlik talabalardan biri ekanligimdan faxrlanaman.

Bizdagi eng katta ekologik muammolardan biri bu – shubhasiz, Orol dengizi. Fikrimcha, dengizga suv ta’minotini yaxshilash uchun biz sug‘orish ta’minotini yaxshilashimiz kerak. Mamlakatimizda IT-texnologiyalar yordamida tomchilab sug‘orish metodi, dronlar orqali ekinzorlarni kuzatib borish, yer unumdorligini oshirish orqali suv sarfini kamaytirish bunga misol bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari chiqindilarni saralab, qayta ishlashni rivojlantirish, logistika va  omborxonalarni optimal tanlash natijasida yonilg‘i sarfini sezilarli darajada kamaytirish lozim.

Kelgusida O‘zbekistonga qaytib, bu boradagi loyihalarim bilan O‘zbekiston rivojiga xizmat qilish niyatidaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring