«Ma’lumotlarni xarita ko‘rinishida taqdim etadi» - Avstriyadagi geoinformatik hikoyasi
«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyular davom etadi.
Navbatdagi suhbatdoshimiz Avstriyadagi University of Salzburg‘da ilmiy tadqiqot olib borayotganXudoyberli Abdivoitov bo‘ldi.
Qahramonimiz Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan.
Ingliz tilini o‘rganishga qaror qilganman
1990-yil Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida oddiy ishchi oilasida tug‘ilganman. Shu tumandagi 8-maktabda 9-sinfgacha, so‘ngra Termiz davlat universiteti qoshidagi 1-son akademik litseyida, aniq fanlar yo‘nalishida tahsil oldim. Maktabimizda bizga fransuz tili o‘qitilganligi sababli, men akademik litseyda aynan ingliz tilini o‘rganishga qaror qilganim bu hayotimdagi eng muhim qarorlardan biri, deb o‘ylayman.
Oilada olti o‘g‘il farzand bo‘lganligimiz uchun bolalik yillarimda asosan aka-ukalarim bilan imkon qadar ota-onamizga uy ishlariga qarashar edik. Chunki oilada ko‘pincha yetishmovchiliklar bo‘lardi, maktabga bir-birimizni kiyimlarimizni kiyib katta bo‘lganmiz. Keyin ko‘chada boshqa bolalar bilan to‘p tepishga va boshqa o‘yinlarga ham vaqt topar edik. Bolaligimni, ayniqsa, qish kunlarida chiroq ko‘p o‘chishi sababli uyga vazifalarni tayyorlashga ulgurmagan paytlarimni, juda ham dars qilishga intilganligim bilan eslayman.
Ota-onam o‘rta maktabni bitirganliklariga va ro‘zg‘ordagi qiyinchiliklarga qaramay doimo bizlarga yaxshi o‘qishimiz uchun sharoit yaratib berishga harakat qilganlar va bugungi kunda hayotda o‘z o‘rnimizni topib, yaxshi inson bo‘lishimizda ularning cheksiz xizmatlari bor.
«Yer tuzish va yer kadastri» yo‘nalishini tanladim
Yerdan foydalanish sohasiga qiziqishim, asosan, bolaligimda, uyimizni yonida paxta dalalarida fermerning yerga ishlov berish usullari va qanday qilib yuqori hosil olishini ko‘zim bilan ko‘rish orqali boshlangan desam ham bo‘ladi. Bundan tashqari o‘zim ham ko‘p yillar bolalik paytlarimda dalada paxta terganman.
Qishloq xo‘jaligi va yerdan foydalanish sohalariga qizishim yuqoriligi sababli, bakalavr bosqichi uchun «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetining «Yer tuzish va yer kadastri» yo‘nalishini tanlaganman.
Talabalik davrimda ham yaxshi o‘qishga va imkoniyat bo‘lsa-yu magistraturani dunyoning nufuzli universitetlaridan birida o‘qishni orzu qilardim. Ota-onam va ustozlarim menga har doim «chet elda o‘qish oson bo‘lmasligini, o‘zimning ustimda qattiq ishlashim kerakligini va eng asosiysi kuchli bilim va tajribaga ega insongina vatanining rivojiga arzigulik hissa qo‘sha oladi» deb ta’kidlab kelishgan. Bu oliy dargohning bakalavr darajasini imtiyozli diplom bilan bilan muvaffaqiyatli tugatganimdan keyin magistraturani ham shu yerda o‘qishni davom ettirdim.
Ingliz tilini boshqalarga qaraganda yaxshiroq bilishim orqali men orzularimni amalga oshira boshladim. Magistraturani bitirishim bilanoq Yevropa Ittifoqining Erasmus + Xalqaro kredit mobillik loyihasi doirasida Xorvatiyaning Zagreb universiteti magistranti sifatida bir semestr tahsil oldim. Keyin menda ikkinchi marta xorijda, bu safar Avstriyaning Zalsburg universitetida 1 semestr o‘qish imkoniyati paydo bo‘ldi. Buning uchun «TIQXMMI» MTUda meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman.
Avstriyaning eng yaxshi 10 ta universiteti qatoriga kiradi
Hozir, Prezidentimizning tashabbuslari bilan qayta tashkil etilgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi yoshlarimizga ilg‘or xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarda ta’lim olish uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Shu yoshlar qatorida menga ham Avstriyaning Zalsburg universitetida «Geoinformatika» mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyati berildi.
Zalsburg universiteti Avstriyaning eng yaxshi 10 ta universiteti qatoriga va dunyoda QS xalqaro reyting agentligi 2024-yil uchun (QS Vorld University Rankings) 681-690 o‘rinda qayd etildi. Bu universitet 1622-yilda tashkil etilgan bo‘lib, jami 18 000 talaba, shundan taxminan 38 foizi xalqaro talabalardir.
Zalsburg universitetining Raqamli va analitik fanlar fakulteti (Faculty of Digital and Analytics Sciences (DAS)), Geoinformatika kafedrasi - Z_GIS 1980-yillarning oxirlarida «Geografik axborot tizimlari (GAT)» ni o‘qitish markazi sifatida tashkil etilgan.
GAT haqida qisqacha: GAT – bu barcha turdagi ma’lumotlarni yaratadigan, boshqaradigan, tahlil qiladigan va natijalarni, asosan, xarita (jadval, diagramma va hokazo) ko‘rinishida taqdim etadigan tizim. GAT ma’lumotlarni xaritaga bog‘laydi, joylashuv ma’lumotlarini (narsalar qaerda (where things are) barcha turdagi tavsiflovchi ma’lumotlar bilan birlashtiradi (u erda narsalar qanday (what things are like there)). Bu ilm-fan va deyarli barcha sohalarda qo‘llaniladigan xaritalash va tahlil qilish uchun asos yaratadi. GAT foydalanuvchilarga naqshlar (naqshlar deganda geografik ob’yektlar yoki hodisalarning fazoviy joylashuvi yoki taqsimlanishini anglatadi), munosabatlar va geografik kontekstni tushunishga yordam beradi. GATning afzalliklari yaxshilangan aloqa va samaradorlikni, shuningdek, boshqaruvni yaxshilash va qaror qabul qilishni o‘z ichiga oladi.
Xabaringiz bor, «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiya tanlovi g‘olibi bo‘lish uchun xalqaro miqyosda e’tirof etilgan bir qancha akademik reytinglarning (masalan TNE (Thye Timyes Nighyer Education World Univyersity Rankings va shu kabilar) eng ilg‘or 300 ta (yoki tanlab olingan fan bo‘yicha yetakchi 100 ta) ta’lim va ilmiy muassasalardan biriga o‘qishga qabul qilingan bo‘lishi kerak. Bu degani men ilmiy izlanish olib borayotgan soha tanlab olingan fan, ya’ni Geoinformatika bo‘yicha yetakchi 100 talikda bo‘lishi kerak. Ma’lumot uchun, (The QS World University Rankings by Subject) fanlar bo‘yicha dunyoning eng kuchli universitetlarini 54 ta alohida fan yo‘nalishlari bo‘yicha aniqlaydi. Bundan tashqari ilmiy rahbarim O‘zbekistonning bir qancha universitetlari jumladan «TIQXMMI» MTU bilan, xalqaro ta’lim loyihalarida birga ishlaganligi sababli, qolaversa, ilmiy ishim bo‘yicha bergan g‘oyalarimga katta qiziqish bildirganligi sababli ilmiy rahbarlik qilishga rozilik bergan.
«Google’dan qarab ko‘rdingmi?»
Xorijda ta’lim olish davomida inson shaxsiy o‘sishga erishadi va dunyoqarashi rivojlanadi. Chet el universitetlarida talabalar asosan mustaqil ko‘proq o‘qishlari, izlanishlari va o‘rganishlarini guvohi bo‘lib, nima qilsak O‘zbekistonda ham yoshlar shunaqa intiladi, degan savol haqida ko‘p o‘ylayman. Bitta oddiy misol: 2017-2018 o‘quv yilida Xorvatiyaning Zagreb universitetida o‘qiyotganimda «Qishloq xo‘jaligida risklarni boshqarish» (Risk Management in Agriculture) fanidan ozroq qiynalgandek bo‘ldim va fan o‘qituvchisidan menga konsultatsiya uchun uchrashuv (appointment) berishini so‘rab elektron pochtasiga xat yozdim. Shunda meni professor ofisiga chaqirdi va bitta kompyuter yoniga o‘tirishimni aytdi. Xo‘sh, qanaqa savollaring bor deb so‘radi, men esa savollarimni aytim, professor shu savollarni kompyuterni ochib «Google» qidiruv tizimiga yozishimni aytib, o‘z kompyuterida ishlashni davom ettirdi. Birozdan so‘ng, savollarga javob topa oldingmi deb so‘radi, men esa albatta savollarga keragidan ortiq (ilmiy maqola, matn, video, grafik va shu ko‘rinishlarda) javoblar topib bo‘lgan edim. Bu menga ajoyib tajriba bo‘ldi.
Men bu yerdagi talabalar bir-birlaridan biror savol so‘rashsa, birinchi aytadigan javobi «Google’dan qarab ko‘rdingmi?» (did you google it?) deyishadi. Xulosa shuki, Google’da bir nechta tugmachalarni bosish orqali o‘zimizga kerakli ma’lumotni topib shu mavzu bo‘yicha bilimlarimizni oshirishimiz mumkin. Bu oddiy narsadek tuyulishi mumkin, lekin mening ikki yillik qisqacha universitetda o‘qituvchilik tajribam shuni ko‘rsatadiki, bizni talabalar orasida Google’dan mustaqil o‘rganish (self-learning) ko‘nikmasi nisbatan uncha rivojlanmagan. Asosiy sabab, Google’da ko‘p ma’lumotlar ingliz tilida va bizni bu tilni yetarli darajada bilmasligimizda deb bilaman.
Resurslarni samarali boshqarish uchun foydalaniladi
Men hozirgi kunda O‘zbekistondagi suv taqchilligi, ehtimoliy qurg‘oqchilik va keskinlashayotgan ekologik muammolar, qishloq xo‘jaligining respublika iqtisodiyotidagi o‘rni va ahamiyati kabi masalalarni hisobga olgan holda, «Barqaror rivojlanish sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun eng maqbul yer maydonlarini ajratish» mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqdaman. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yer bebaho tabiiy resurs sifatida har tomonlama ilmiy asoslanganidan keyin ekinlar yoki boshqa maqsadlar uchun foydalanishga ajratiladi. Rivojlangan davlatlarda GAT va masofadan zondlash (sun’iy yo‘ldoshlar, dronlar va aerofotosuratlar)dan yer xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, turli ekin va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun eng optimal yer uchastkalarini topish va ajratish, rayonlashtirish rejalarini yaratish va resurslarni samarali boshqarish uchun birgalikda foydalaniladi.
Ishonchim komilki, mazkur ilmiy tadqiqot natijalari mavjud qishloq xo‘jaligi yerlaridan yanada samarali foydalanish imkoniyatlarini oshirish, kundan-kunga o‘sib borayotgan aholimiz uchun mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligi va shu kabi dolzarb muammolarga yechim bo‘la oladi.
Ma’lumot uchun to‘xtalib o‘tsam, GAT va masofaviy zondlash bizga yer yuzasi haqidagi murakkab ma’lumotlarni tahlil qilish va vizualizatsiya qilish imkonini beradi, bu erdan foydalanish, resurslarni boshqarish, tabiiy ofatlarni (masalan zilzila, o‘pirilish) xaritalash va bashorat qilish, shaharsozlik, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa shu kabi masalalarda asosli qarorlar qabul qilish uchun juda muhimdir. Buning uchun, avvalo, ushbu sohalarda ishlatiladigan asosiy tushunchalar va dasturiy ta’minotlar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni to‘plash yangi o‘rganuvchilar uchun dastlabki qadamlardir.
Jarayon odatda 1 yil va undan uzoqqa cho‘zilishi mumkin
Avstriya o‘zining sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi, xavfsizligi va umumiy farovonligi tufayli global hayot sifati indekslarida doimiy ravishda yuqori o‘rinlarni egallab kelgan. Avstriyada ta’lim uchun to‘lov (semestriga 749.42 yevro) ancha arzon, markaziy Yevropada joylashgan, Yevropa Ittifoqiga a’zo. Shu o‘rinda universitet va yashash uchun ruxsatnomaga topshiriladigan hujjatlar nisbatan qiyinligini ham ta’kidlab o‘tish kerak. Chunki Avstriyaga 6 oydan uzoqroq muddatga bormoqchi bo‘lgan nomzodlar vizaga emas, «Yashash uchun ruxsatnoma – talaba» (Residence Permit – Student) uchun ariza topshiradi. Buning uchun esa bir qancha hujjatlar (Attestat/diplom, tug‘ilganlik haqida guvohnoma va shu kabilar) legalizatsiya (Full diplomatic certification (= legalisation) and translation - To‘liq diplomatik sertifikat (= qonuniylashtirish) va tarjima) qilinishi kerak. Bu jarayon odatda 1 yil va undan uzoqqa cho‘zilishi mumkin.
Asosan ingliz tilida kitoblar o‘qiyman
Kitob haqida gap ketganida biror maslahat berishga qiynalaman, chunki tanlov ko‘p va istaklar har xil. O‘zim asosan ingliz tilida sohamga oid kitoblar o‘qiyman. Shu bilan bir qatorda quyidagi kitoblarni o‘qishni tavsiya qilaman: «Liderlar kitobi» (Otabek Hasanov), bu kitob hayotga qo‘rqmasdan oldinga qadam tashlash, jasurlik, mardlik, vatan rivojiga hissa qo‘shish, aql-zakovatni, ilmni har qanday ishdan ustun qo‘yish va shu kabi mavzularda so‘z boradi. Keyingisi: «Cho‘qintirgan ota» (Mario Pyuzo), muallif italyan mafiyasi olamiga olib kiradi, mafiya oilasi prinsiplari kabi mavzular juda chuqur ochib berilgan. Yana bir kitob: «Kichkina Shahzoda» (Antuan de Sent-Ekzyuperi), hikoya turli sayyoralarga, jumladan, Yerga tashrif buyurgan va yolg‘izlik, do‘stlik, sevgi va yo‘qotish mavzulariga murojaat qilgan yosh shahzoda haqida. «Kichik shahzoda» bolalar kitobi uslubiga qaramay, hayot, kattalar va inson tabiati haqida mushohada yuritadi.
Shu o‘rinda, o‘zbegimning barcha o‘lmas kinolarini ko‘rishni ham tavsiya etmoqchiman. O‘zim bulardan tashqari O‘zbekiston tarixini chuqurroq o‘rganish va siyosiy bilimlarni oshirishga qiziqaman.
Soha rivojiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman
Iqlim o‘zgarishi, suv ta’minoti cheklangan, ammo o‘sib borayotgan aholining oziq-ovqat ehtiyojlarini qondirish masalalarini chuqur o‘rgangan holda, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun eng maqbul yer maydonlarini ajratishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha konseptual asoslar va uslubiy ish jarayonlarini ishlab chiqish mening asosiy missiyamdir. Oddiyroq qilib aytadigan bo‘lsam, olib borayotgan ilmiy tadqiqotlarim natijalarini - O‘zbekistonda joriy qilish va shu soha rivojiga o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter