Nima sababdan bu konsepsiyaga «tengi yo‘q» deb ta’rif berilyapti?
2019-yil 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev PF-4312 «O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonini imzolagani haqida xabar bergandik.
Ushbu konsepsiyani 2019-yilda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Konsepsiya o‘rta va uzoq muddatli istiqbol uchun maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish maqsadlari, vazifalari, ustuvorliklari va bosqichlarini belgilab berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi. Hujjat malakali pedagogik kadrlarining yetishmovchiligi, davlat MTMlarining to‘lib ketganligi, moddiy-texnik holatining nomuvofiqligi, hamda davlat MTMlarining o‘quv-metodik materiallari bilan past darajada ta’minlanganligi muammolarining hal etilishini nazarda tutadi.
«Qabul qilingan maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tengi yo‘q hisoblanadi: birinchidan, mazkur hujjatda erishilgan natijalarning o‘lchanishini ta’minlaydigan aniq, maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan. Xususan, 2030-yilgacha maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan bolalar miqdorini joriy 38,1 foizdan 80,8 foizgacha orttirish vazifasi qo‘yilgan. Shu bilan birga, MTV tomonidan ta’lim muassasalari quvvatlarining kuchaytirilishi davom ettiriladi: 2021-yilga kelib o‘rinlar miqdori yangi MTMlarni ochish hisobiga 56,8% ga (2030 yilga kelib – 132,3 foizga) ortadi, hamda davlat-xususiy sherikligi va respublikaning chekka tumanlari uchun aktual bo‘lgan muqobil maktabgacha ta’lim shakllari rivojlantiriladi. Keyingi yillarda pedagogik va boshqaruv kadrlariga alohida e’tibor qaratiladi. Ishlar ikki yo‘nalishda olib boriladi: pedagoglar miqdorini orttirish va maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarini tayyorlashda, qayta tayyorlashda, malakasini oshirishda va rivojlantirishda yangi yondashuvlarni tatbiq etish. Konsepsiya bilan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar respublika miqyosidan viloyat, tuman va shahar darajasigacha tushadi, hamda ushbu natijalarga erishish uchun qay miqdorda pul mablag‘larining zarurligi to‘g‘risidagi hisob-kitoblar bilan asoslanadi», – deb ta’kidlab o‘tdi Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Yelena Ten.
Qabul qilingan Konsepsiyaga ko‘ra maktabgacha ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardir:
- maktabgacha ta’lim sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish (Maktabgacha ta’limning davlat standartini ishlab chiqish, MTM tarbiyalanuvchilarini moddiy resurslar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari bilan ta’minlash normativlarini tasdiqlash, muqobil maktabgacha ta’lim shakllarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqish);
- maktabgacha yoshdagi bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish («Birinchi qadam» davlat dasturini va inklyuziv ta’limni keng miqyosda tatbiq etish, o‘quv materiallarini ishlab chiqish, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limning bog‘liqliligini ta’minlash);
- qamrovni orttirish, bolalarning sifatli maktabgacha ta’lim olishlari uchun teng huquqlikni ta’minlash, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish (yangi MTMlarni qurish va eskilarini rekonstruksiya qilish, bepul bir yillik maktabga tayyogarlikni keng miqyosda tatbiq etish, muqobil maktabgacha ta’lim shakllarini rivojlantirish, respublikadagi barcha MTMlarni kommunal xizmatlar bilan bosqichma-bosqich ta’minlash);
- innovatsiyalarni, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni tatbiq etish (axborot ma’lumotlar bazasini va multimedia mahsulotlarini ishlab chiqish, uy ta’limi va ota-onalarning ma’lumot olishi uchun raqamli ta’lim resurslarini tatbiq etish, respublikaning barcha MTMlarini kompyuterlar bilan ta’minlanishini va Internet tarmog‘iga ulanishini bosqichma-bosqich amalga oshirish);
- maktabgacha ta’limni boshqarish tizimini takomillashtirish, moliyalashtirishning shaffofligini va samaradorligini ta’minlash (samarali monitoring mexanizmlarni yaratish, manfaatdor shaxslarga ma’lumotlarni taqdim etish, muomalalar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, chet el investitsiyalarini va grantlarini jalb qilish, me’yoriy kishi boshiga moliyalashtirishni birin-ketin tatbiq etish);
- kadrlarni tanlashda va rivojlantirishda yangi yondashuvlarni tatbiq etish (xalqaro ta’lim standartlarini tatbiq etish, chet el ekspertlarini jalb qilish va chet elga tajriba orttirish safarlarini tashkil etish, xodimlar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish, kadrlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqish);
- MTMlarda bolalarning sog‘lom va muvozanatli ovqatlanishini, sifatli tibbiy parvarish bilan ta’minlash (MTMlarni mahsulotlar bilan ta’minlanishining markazlashtirilgan monitoring tizimini yaratish, autsorsing shartlari asosida maxsuslashtirilgan korxonalarni jalb qilish, alohida ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga kompleks yordamni takomillashtirish).
Konsepsiya bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan har yili 1-dekabrga qadar o‘tayotgan yilning natijalarini o‘rganib chiqish asosida keyingi yil uchun «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter