Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda mahbuslar va oddiy aholi bir shifoxonada davolanmoqda. Muammolar yetarlicha

Toshkentda mahbuslar va oddiy aholi bir shifoxonada davolanmoqda. Muammolar yetarlicha

Foto: «Sog‘lom avlod» gazetasi

Yaqinda mahallamizda bir odam vafot etdi. Shamollashni o‘tkazib yuborgani sabab, o‘pka faoliyati ishdan chiqqan ekan. Aslida esa, xastalik sababi sil edi. Buni biz mahalladoshlari va oila a’zolari bilamiz, ammo sir saqlaymiz. Tashvishlisi –bolalarimizdan xavotirdaman. Ularni darvozadan chiqarishga qo‘rqamiz...

Toshkent shahar hokimiyati Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining  2016-yil 22-sonli buyrug‘iga asosan Toshkent viloyati, Qibray tumanida joylashgan 2-Sil kasalliklari klinik shifoxonasining faoliyati tugatildi. U yerdagi 350 nafar bemor poytaxtdagi Olmazor tumanida joylashgan 1-Sil kasalliklari klinik shifoxonasiga ko‘chirildi. Ayni paytda 500 nafardan oshiq bemor mazkur maskanda davolanmoqda. Bir xonada olti va undan ko‘p odam joylashtirilgan. Muammolar ana shundan so‘ng boshlandi.

Jinoyatchilar ozodlikda

Gap shundaki, Qibray tumanidagi shifoxona qamoqxonaga qarashli bo‘lib  davolanayotgan kasallar muqaddam sudlanganlar edi. Ular poytaxtdagi shifoxonaga ko‘chirilgach «o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon» bo‘lishdi. Shifoxonada oddiy aholi davolanadi. Mahbuslar esa ularga do‘q urib, tajovvuz qilishgan. Shu tariqa shifoxonada ketma-ket huquqbuzarliklar sodir bo‘lmoqda.

Bu tartibsizliklar bino ichidan ko‘chaga ham tarqala boshlaydi. Mahbuslar ozodlikda ko‘ngli tusagan ishni qilishadi. Istagan paytda ko‘chaga chiqib, tashqaridan kasalxona hududiga spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar olib kirishadi. Misol uchun 2017-yilda giyohvand moddalar iste’mol qilgan shaxslar tomonidan to‘rtta jinoyat sodir etilgani uchastka nozirining daftarida qayd qilingan.

– Hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan qaror qabul qilingan, – deydi G‘ani A’zamov mahalla uchastka noziri mayor Sherzod Qodirshoyev. – Oddiy bemorlar bilan mahbuslarning bir joyda davolanishiga buyruq chiqarilganda, eng avvlo qo‘riqlash xizmatini kuchaytirish lozim edi. Shifoxonada har kuni biror muammo chiqadi. Mahbuslar shifoxonaga giyohvand moddalar olib kirayotganida qo‘lga olganman. Ularni ko‘chalardan yig‘ib kelaman. Men bilan sheriklikda ishlayotgan hamkasblarim tez-tez almashyapti. Yigirma to‘rt soat davomida mahbuslar ortidan yuramiz. Viloyatlarga ketib qolganlarini qidirib, qo‘lga olib kelamiz. Mahalladagi odamlarning halovati yo‘qolgan. Sudlanganlar aholining uyiga o‘g‘irlikka tushyapti. O‘g‘irlik ustida 2 nafarini tutganmiz. Bu beboshlik qachongacha davom etishi mumkin?

2017-yil 5-fevral kuni soat 20:00lar atrofida shifoxonada janjal ko‘tarildi. 1978-yilda tug‘ilgan Abdusalom Umarov va 1972-yil tug‘ilgan Xayrullo Ahmedov spirtli ichimlik iste’mol qilgandan so‘ng, o‘rtada nizo paydo bo‘ladi. Natijada, Umarov Ahmedovning oyog‘iga pichoq sanchadi. Og‘ir jarohatlangan mahbus bir oydan so‘ng yura boshlagan. Bunday huquqbuzarliklar kunora sodir bo‘lmoqda. Aholi va bemor mahbuslar o‘rtasida ham keskin nizolar yuzaga kelyapti. Buning oldi olinmasa, oqibatini taxmin qilish qiyin emas.

Aholining silga chalinayotgani rost(mi)?

G‘ani A’zamov mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1-Sil kasalliklari klinik shifoxonasi aholiga ma’naviy zarar yetkazib qolmay, salomatligiga ta’sir etmoqda. Bundan tashqari to‘rtta qo‘shni mahalla ahli ham har hafta Olmazor tumani hokimligiga shikoyat bilan murojaat qiladi.

Maxbuslarning ko‘p qismini giyohvandlar, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, turar joyi yo‘q shaxslar tashkil etadi. Ularning davlatga boqimandaligi kamdek, odamlarga ham zarar yetkazmoqda. Mahalladagi umumiy shoxobchalarda ovqatlanishadi, spirtli ichimliklar ichishadi. Sil kasalligi havo orqali insonga tez yuqishini hisobga olib, odamlar yemakxonalarga kirmay qo‘ygan. Hududdagi do‘konlardan ham narsa harid qilishmayapti. Bundan norozi kafe va do‘kon egalari kasallarga narsa sotishni istashmaydi. O‘rtada esa janjallar, mushtlashishlar sodir bo‘lmoqda. Ma’lum bo‘ladiki, bunday vaziyatda Prezidentimiz tinimsiz qo‘llab-quvvatlayotgan tadbirkorlar katta zarar ko‘rmoqda.

Aholi bilan suhbatlashganimizda, «Sil kasalligi boshqalarga ham yuqyapti, hatto bolalarda ham aniqlanmoqda. Biz shikoyat bilan ko‘p joylarga bordik, ammo besamar» deya o‘z muammolarini aytishdi. Eng xavfli tomoni shifoxona hududi qo‘riqlanmaydi.

– Mahallamizda 3 ming 300 ga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi G‘ani A’zamov MFY raisi Mirabbos Magdiyev. – Ularni qiynayotgan muammolar birgalikda, hamjihatlikda bartaraf etib kelinadi. Ammo ikki yildan buyon yechimini topmayotgan bu muammo nafaqat bizning mahalla, balki shifoxona atrofidagi Taraqqiyot, Qorasaroy, Guruchariq, Chimboy va Oltinsoy mahallalari uchun ham boshog‘riqqa aylandi. Oldinlari bu yerdagi bemorlarga maxsus kiyim berilardi. Ularning xatti-harakati nazorat qilinardi. Gigiyenaga qattiq e’tibor qaratilardi. Endi ularni eplab bo‘lmayapti. Mahallada yoshlar ko‘p, qizlarimiz bor. Biz farzandlarimizning maktabga borib-kelishi, ko‘chaga bemalol chiqishidan ham xavotirga tushyapmiz.

Kasalxonani ko‘chirishning imkoni yo‘qdir, ammo qo‘riqlash tizimini joriy etishning nahotki biror bir yo‘li bo‘lmasa

Afsuski, ko‘chalarda yotib yuradigan qarovsiz, hujjatsiz odamlar vafot etsa, ushbu kasalxonaga keltirib tashlanadi. Mahallamiz sardorlari o‘zlarining vazifasi qolib, ularning shaxsini aniqlash singari ishlar bilan shug‘ullanadi. Sardorlarimizning bunga sutkalab yoki undanam ko‘proq vaqti ketadi. Asosiy ishi bir chetda qolib, mana shu dahmaza bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishmoqda.

Rahbariyat nima deydi?

Biz muammoni o‘rganish jarayonida, shifoxona rahbariyatidan izoh olishga harakat qildik. Biroq surushtiruv jarayonida kasalxonaning bosh shifokori o‘z vazifasidan ozod etilgani ma’lum qilindi.

– Ayni paytda shifoxonamizda yangi bosh shifokor tayinlanish arafasida. Yangi rahbar kelganida, barcha savollarga javob olasiz, – dedi 1-Sil kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokor o‘rinbosari Rahima Rasulova.

Aholi salomatligi, ertamiz egalari hisoblanmish yoshlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratilinayotgan bir paytda katta muammoga barmoq orasidan qaralmoqda. Mahallalarda huquqbuzarlikning oldini olish borasida chora-tadbirlar faqat qog‘ozda qolmasligi kerak. «Obod mahalla» Davlat dasturi doirasida yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Obodlik esa eng avvalo sog‘lom muhitdan ham boshlanadi.

G‘ani A’zamov mahallasida ro‘y berayotgan, kun sayin palak yozayotgan muammolar hal etilmasa, oqibati bundan-da yomon ko‘rinish olishi mumkin. Biz mutasaddi tashkilotlardan amaliy harakat va ijobiy natija kutib qolamiz.

Dildora Fayziyeva

«Sog‘lom avlod» gazetasidan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring