Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahalliy qurilish materialiga ustuvorlik beradigan tizim joriy qilinadi

Mahalliy qurilish materialiga ustuvorlik beradigan tizim joriy qilinadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi soni o‘sishi va urbanizatsiya jarayoni qurilish materiallariga bo‘lgan talabni oshirayotgani ta’kidlandi.

Yil boshidan pudrat ishlari 10,3 foizga o‘sgan. Lekin omborlarda katta hajmda keramik plita, gipsokarton, oyna, bazalt momig‘i yig‘ilib qolgan. Vaholanki, yiliga 225 million dollarlik xuddi shunday tovarlar import bo‘lmoqda.

Endilikda developerlarga aylanma mablag‘ uchun kredit ajratishda mahalliy qurilish materialiga ustuvorlik beradigan tizim joriy qilinadi.

O‘tgan yili Qurilish inspeksiyasi o‘tkazgan o‘rganishlarda 1 ming 600 ta holatda sifatsiz qurilish materiallari ishlatilgani aniqlangan.

Shu munosabat bilan «Shaffof qurilish» platformasida qurilish materiallari korxonalari va ularning mahsulotlari reyestri shakllantiriladi. Mahsulotlar sifati reytingi yuritiladi va har chorakda yangilab boriladi.

Qurilishda yangi turdagi, energiya tejamkor materiallar paydo bo‘lmoqda. Lekin ko‘plab mahsulotlarning standarti yo‘qligi, borlari ham xalqaro talablarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha 68 ta xalqaro standartni qabul qilish topshirildi.

Yig‘ilish davomida soha va hudud rahbarlarining axboroti, tadbirkorlarning takliflari tinglandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring