Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Madaniyat vazirligiga jonli ijrochilarning reyestrini yuritish topshirilyapti

Madaniyat vazirligiga jonli ijrochilarning reyestrini yuritish topshirilyapti

O‘zbekistonning madaniyat sohasida jonli ijroni rag‘batlantirish bo‘yicha Hukumatning tegishli qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur hujjat bilan Madaniyat vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklanmoqda.

Jumladan, vazirlik huzuridagi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi markaziy apparati tuzilmasida jonli ijroni rivojlantirish bo‘limi tashkil etiladi.

Ushbu bo‘lim, madaniyat sohasida jonli ijroni rivojlantirish va rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ishlab chiqadi, fonogrammadan foydalanish tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil qiladi.

Shuningdek, 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab Madaniyat vazirligi tomonidan jonli ijrochilarning reyestri yuritiladi. Jonli ijro etadigan ijrochilarning milliy ro‘yxatini shakllantiradi hamda rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda doimiy ravishda e’lon qilib boradi va yangilaydi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda konsert-tomosha tadbirlarida jonli ijro, jonli ovoz va fonogrammadan  foydalanish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanmoqda.

Qayd etilishicha, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:

  • davlat ahamiyatiga molik, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklab boriladi;
  • konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etishda ijtimoiy reklamalarda «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» va «Fonogrammali konsert dasturi» deb nomlash amaliyoti joriy qilinadi;
  • Madaniyat vazirligiga «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti», «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» va «O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi» unvonlariga faqatgina jonli ijro eta oladigan san’atkorlarni tavsiya etish majburiyati yuklatiladi.

2025-yil 1-iyundan boshlab esa doimiy ravishda jonli ijroda konsert dasturlarini taqdim etib kelayotgan san’atkorlarni rag‘batlantirish maqsadida Madaniyat vazirligi xulosasiga ko‘ra, bir yilda ikki nafar san’atkorning xorijiy davlatlarda konsert dasturi tashkil etiladi va konsert dasturi bilan bog‘liq barcha xarajatlar Davlat budjetidan qoplab beriladi.

Ta’kidlanishicha, faqat jonli ijrochilarning reyestriga kiritilgan ijrochilargina yakkaxon konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring