Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mablag‘lari sarflanishi shaffof nazorat qilinadigan «Vaqf» fondi tuzildi

Mablag‘lari sarflanishi shaffof nazorat qilinadigan «Vaqf» fondi tuzildi

Foto: «Uz24.uz»

2018-yil 11-may kuni O‘zbekiston musulmonlar idorasida Ramazon oyini har tomonlama ko‘tarinki va tartibli o‘tkazish bo‘yicha jurnalistlar hamda diniy soha vakillari ishtirokida brifing o‘tkazilgan edi.

Brifingda muftiy maslahatchisi Abdulhamid Tursun domla tomonidan diniy idora huzurida vaqf fondi mablag‘larini yuritadigan bank ochish taklifi ham berilgan edi.

2018-yil 16-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» imzolangan farmonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondini tashkil etish belgilangan edi.

Farmonda tegishli idoralarga fuqarolardan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari sifatida tushadigan mablag‘lar «Vaqf» xayriya jamoat fondining alohida hisob raqamida to‘planishi hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan (shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali onlayn kuzatish imkoniyatini yaratgan) holda mablag‘larning tushishi va sarflanishida to‘liq shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘mak berish topshirilgandi.

Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Adliya vazirligi

Mazkur tashkilotning asosiy maqsadi ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fan va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, xalqimizga azal-azaldan xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni davom ettirishga ko‘maklashish hisoblanadi.

Adliya vazirligi tomonidan Fond boshqaruv rahbari Jaloliddin Hamraqulovga fondning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring