«Lokomotiv» joylashgan mehmonxonada yong‘in yuz berdi (foto)
«Lokomotiv»ning OChL doirasidagi «Ar-Rayyan»ga qarshi o‘yini arafasida klub joylashgan mehmonxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda «Tribuna.uz» xabar bermoqda.
Yarim kechasi ro‘y bergan yong‘in natijasida jamoa a’zolari boshqa mehmonxonaga ko‘chishlariga to‘g‘ri kelgan.
«Temiryo‘lchilar» guruh bosqichining 2-tur o‘yinini o‘tkazish uchun kecha, 10 mart kuni tush vaqtida charter reys orqali Qatar poytaxtiga yetib kelgan va «Wyndham Grand Regency Doha» mehmonxonasiga joylashgan edi. Kechga yaqin jamoa o‘yinoldi rasmiy mashg‘ulotini o‘tkazdi.
Mehmonxonadagi yong‘in kech soat taxminan 00:15 atrofida boshlangan. Jamoa a’zolarining aksariyati ikkinchi qavatdagi xonalarda joylashishgandi. Signalizatsiya chalingach, ikki yuzdan ortiq mehmonni evakuatsiya qilish boshlangan. Yong‘in tutuni binoni deyarli to‘liq qamrab olgan, qutqaruvchilar eng yuqori oltinchi qavatdagi mehmonlardan birini maxsus zina yordamida derazadan evakuatsiya qilishlariga to‘g‘ri kelgan.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in binoning birinchi qavatidagi restoranda kelib chiqqan. Hodisa oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar yo‘qligi aytilmoqda.
Mehmonlar, shular qatorida taxminan 40 kishini tashkil etuvchi «Lokomotiv» delegatsiyasi a’zolari ham bir soatdan oshiqroq vaqt ko‘chada turishgan, shundan so‘ng soat 02:30 atrofida shu yaqin hududda joylashgan «The Avenue – A Murwab Hotel» mehmonxonasiga vaqtinchalikka ko‘chib o‘tishgan.
Eslatib o‘tamiz, «Ar-Rayyan»ga qarshi o‘yin mahalliy vaqt bilan soat 18:35da (Toshkentda 20:35) start oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter