«Lokomotiv» futbolchisi Ikrom Aliboyev 4 o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi
O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida superliganing bir qator uchrashuvlaridagi bahsli vaziyatlar o‘rganib chiqildi.
31-mart kuni superliganing 4-turi doirasida AGMK hamda «Lokomotiv» klublari o‘zaro to‘qnash kelgandi. Mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgan uchrashuvning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarida har ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqan.
O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi mazkur uchrashuvni o‘rganib chiqdi. Ishni o‘rganish jarayonida uchrashuv referisi Akobirxo‘ja Shukurillayevning yozma arizasi hamda bergan ko‘rsatmalari, AGMK — «Lokomotiv» o‘yinining «Sport» telekanalidagi translyasiyasi hamda AGMK futbol klubi tomonidan PFLga taqdim etilgan uchrashuv videosidan foydalanildi. Shuningdek, PFL komissari bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan o‘z ko‘rsatmasini berdi.
O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi «Lokomotiv» futbolchisi Ikrom Aliboyevni jamoasi ishtirokidagi 4 ta o‘yindan diskvalifikatsiya qildi. Endilikda u «Qo‘qon-1912», «Nasaf», «So‘g‘diyona» va «Bunyodkor» klublariga qarshi 5-6-7-8-tur o‘yinlarida jamoasiga yordam bera olmaydi. Tajovuzkor hatti-harakati uchun AGMK bilan o‘yinning 94-daqiqasida maydondan chetlatilgan Aliboyevga, shuningdek, 10 million so‘m jarima ham solindi.
Komissiya a’zolari mazkur holat uchun faqatgina Ikrom Aliboyevning o‘zi aybdor emas degan qarorga keldi. Boisi, janjalda har ikki klub vakillari ham ishtirok etgan. Shundan kelib chiqib, qo‘mita Tartib-intizom kodeksining 2-bob 5.36 bandiga asosan AGMK va «Lokomotiv» klublarini 25 million so‘mdan jarimaga tortdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter