Liviyaga fuqarolar urushi xavf solmoqda
BMTning Liviyadagi maxsus vakili G‘asan Salame mamlakat fuqarolar urushi bo‘sag‘asida turgani haqida bayonot berdi. Uning aytishicha, hozirgacha yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun uzoq yillar kerak.
«Nizo oqibatlari va xavfi naqadar dahshatli, buni liviyaliklar yaxshiroq bilishadi: 460 kishi halok bo‘ldi, shundan 29 nafari tinch aholi vakillari», — TASS Salamedan shunday iqtibos keltirdi.
BMT vakili shuni alohida ta’kidladiki, ayrim mamlakatlar BMT xavfsizlik kengashi Liviyaga qurol yetkazishga qo‘ygan embargoni buzmoqda, buning oqibatida nizoning har ikki tomonida turganlar tish-tirnog‘igacha qurollanib olmoqda.
«Ko‘p mamlakatlar nizoning qaysi tomoni bo‘lishidan qat’i nazar qurol yetkazib beryapti va olovga battar moy sepmoqda. BMT bunga chek qo‘yishi shart», — dedi Salame.
BMT vakili bu ketishda Tripoli atrofidagi zo‘ravonliklar O‘rta Yer dengizi janubiy qirg‘og‘idagi uzoq muddatli qonli nizoga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ma’lumot uchun: Liviyadagi vaziyat shu yilning aprel oyida keskinlashgandi. O‘shanda Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftar Milliy kelishuv hukumati nazorati ostidagi poytaxt Tripoliga yurish boshlagandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu qurolli nizo 460 dan ziyod insonning umriga zomin bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter