Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Manchester Siti»ni «Liverpul» muddatidan avval chempion qilishi mumkin

«Manchester Siti»ni «Liverpul» muddatidan avval chempion qilishi mumkin

Foto: «UA-Football»

Yevropa Chempionlar ligasida «PSJ» maydonida qozonilgan g‘alaba (2:1) ruhi saqlanib turganini «Manchester Siti» bugun APLning 34-turida isbotladi. Poytaxtga kelgan «shaharliklar» «Kristal Pelas»ni taslim etishdi.

Aguero va Ferran Torresning gollari Gvardiola jamoasiga g‘alaba keltirdi. O‘yindan keyin «Siti»ning ochkolari 80 taga yetib boshqalardan yanada ildamlab ketdi, «Kristal Pelas» esa 38 ochko bilan 13-o‘rinda.


«MS»ga APL g‘olibligi YeChL finalidan-da yaqin qoldi. Buning uchun hatto maydonga tushishi ham shartmas.

Buning uchun ertangi o‘yinda «Liverpul» chempionlik kurashida qatnashayotgan «Manchester Yunayted»ni safarda yutsa bas. Qiziq va alamli vaziyat: «Siti»ning ashaddiy raqibini kurashdan chiqarib yuborgan taqdirida amaldagi chempionning o‘zi chempionlikni qo‘shqo‘llab topshirib yuborgan bo‘ladi. Ammo liverpulliklar shunga majbur — «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Kloppga «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yin arafasida berilgan birinchi savol:

– «Liverpul» «Old Trafford»da g‘alaba qozonishi shartmi?

– Shart. 100 foizdan ko‘proq. Agar g‘alaba qozonmasak yevrokuboklar uchun imkoniyatdan quruq qolamiz.

Biroq so‘nggi o‘yinda o‘z maydonida kimsan «Roma»ni 7:1 hisobida qaqshatgan «Manchester Yunayted» har qanday qilib bo‘lsa ham «Siti»ning bayramini kechiktirishga urinib ko‘radi.

Albatta, buyog‘ini o‘yin ko‘rsatadi: ertaga soat 20:30 da boshlanadi.


 APL. 34-tur

«Kristal Pelas» – «Manchester Siti» 0:2

Gollar: 0:1 – 57 Aguero, 0:2 – 59 Ferran Torres.

«Kristal Pelas»: Guaita, Uord, Mitchell, Denn, Ridevald (Shlupp, 59), Milivoyevich, Kuyate, Taunsend (Ayyu, 82), Eze, Zaa, Benteke (Mateta, 67).

«Manchester Siti»: Ederson, Mendi, Joau Kanselu, Laport, Ake, Rodri, Fernandino (Zinchenko, 67), Sterling, Ferran Torres, Gabriel Jezus, Aguero.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring