Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Latviya jurnalida O‘zbekiston haqida maqola chop etildi

Latviya jurnalida O‘zbekiston haqida maqola chop etildi

Foto: «Chotoka.net»

2021-yil 6-may kuni Latviyaning «Otkritiy gorod» («Ochiq shahar») nomli yetakchi haftalik jurnalida A. Veselovning shunday sarlavhali maqolasi chop etildi.

Quyida ushbu maqola tarjimasi e’tiboringizga havola etiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov tomonidan mamlakat atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik kamarini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan tashqi siyosat o‘z samarasini bermoqda. Bunday siyosatning yana bir misoli 2021-yil fevral oyida imzolangan Peshavor (Pokiston)ga temir yo‘l qurilishining «yo‘l xaritasi»dir. Bu O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga Hind okeani portlariga chiqish imkonini beradi.

Hind okeani portlariga chiqish

2021-yil 2-fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonning yuqori martabali delegatsiyalari ishtirokida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalari bo‘yicha uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi.

Loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo oldida turgan strategik vazifalardan biri – Hind okeani, xususan, Pokistonning  «Karachi», «Kasem» va «Gvadar» portlariga chiqish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur loyiha Janubiy Osiyo temir yo‘l tizimini Markaziy va Yevroosiyo temir yo‘l tizimlari bilan bog‘laydi va bu bilan Butun Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini ancha oshiradi.

Ushbu loyiha savdo aloqalarini kengaytirish, Yevropa, Markaziy Osiyo, Pokiston, Hindiston, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi import va eksport hajmini oshirish imkonini beradi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining dengiz yo‘llariga chiqishini ta’minlovchi Yevropani Osiyo bilan bog‘laydigan transport yo‘nalishlarining xilma-xilligi mintaqa davlatlarining global ta’minot va ishlab chiqarish zanjiridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, transafg‘on temir yo‘lining qurilishi mintaqaviy xavfsizlikni  ta’minlashga salomoqli hissa qo‘shadi. Afg‘onistonning shimoliy va sharqiy hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yaxshilanishi ushbu davlatning qo‘shni mamlakatlar bilan xavfsizligini mustahkamlashga yordam beradi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorligini rivojlantirish tashabbusini amalga oshirishdagi yana bir qadam «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzuida bo‘lib o‘tadigan yuksak darajadagi xalqaro anjuman hisoblanadi. Unda Markaziy, Janubiy Osiyo va boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat va hukumatlar yetakchilari, tashqi siyosiy va ixtisoslashgan idoralar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, investitsiya jamg‘armalari, kompaniyalar, xalqaro ilmiy tadqiqot  va tahliliy markazlar   rahbarlari  ishtirok etadi.

Anjuman 2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtilgan. Undan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari bo‘yicha strategik qarashlarini namoyish etish, ikkala mintaqa mamlakatlarining transport-tranzit salohiyatini amalga oshirish, istiqbolli bozorlarga chiqish, investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish bo‘yicha aniq takliflarni muhokama qilishdir.

Tahlilchilar qayd etishicha, O‘zbekiston rahbariyatining faol va konstruktiv mintaqaviy siyosati qo‘shni mamlakatlar va Toshkent bilan hamkor davlatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu omil mintaqa mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi hamda butun mintaqani rivojlantirishga yangicha sur’at beradi.

O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari samara bermoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil dekabrda o‘z lavozimiga kirishganidan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashni tashqi siyosatda eng muhim ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.

O‘tgan to‘rt yil mobaynida O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan mintaqaning barcha mamlakatlar yetakchilarining yuqori darajadagi tashriflari amalga oshirildi. Mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy muloqoti doimiy  tus oldi.

Ana shunday muloqotlar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiyalar, sayyohlik, madaniyat, sog‘liqni saqlash va ekologiya sohalarida o‘zaro manfaatli mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha muhim qo‘shma qarorlar qabul qilinmoqda.

Tarixiy qisqa davr ichida O‘zbekistonning mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan  munosabatlarida katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi.

Shavkat Mirziyoyevning birinchi marta  marta  2017-yil sentyabr oyida  BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini chaqirish bo‘yicha bildirgan muhim xalqaro tashabbuslaridan biri amalga oshirildi. Bu tashabbus xalqaro miqyosda keng e’tirofga sazovor bo‘ldi va mintaqaning barcha davlatlari yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ana shunday shakldagi birinchi uchrashuv 2018-yil Ostona (hozirgi Nur-Sulton) shahrida bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Ikkinchi maslahat sammiti esa 2019-yil 29-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazildi.

Ushbu tadbir yakunlari bo‘yicha Maslahat uchrashuvi qatnashchilarining tarixiy ahamiyatga ega Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Unda alohida ta’kidlanganidek: «Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuvning hozirgi tendensiyasi – tarixiy voqelik. Siyosat, xavfsizlik, barqarorlikni saqlash va taraqqiyot sohalarida mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish qo‘shni mamlakatlar xalqlarining tub manfaatlariga javob beradi, ular o‘rtasidagi birodarlik rishtalarining yanada mustahkamlanishi, Markaziy Osiyoning ulkan iqtisodiy va sivilizatsion salohiyatini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi».

O‘zbekiston Respublikasining qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarida yuritgan yangicha ochiq siyosati tufayli mintaqada ijobiy  siyosiy muhit shakllandi, do‘stlik va o‘zaro manfaatga asoslangan munosabatlar mustahkamlanib, rivojlanmoqda. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida so‘nggi yillarda erishilgan siyosiy ishonch va yaxshi qo‘shnichilik  munosbatlari mintaqaning bugungi tarixida ijobiy  bosqichni ifodalamoqda.

O‘zbekistonning har bir qo‘shni davlat bilan munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqishi va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishi mintaqada nizoli holatlarni deyarli yo‘qqa chiqardi, uning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga yordam berdi.

Toshkent birgalikda suvdan foydalanish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va ekologik tahdidlarga qarshi kurashish, jumladan,  Orolbo‘yi muammolarini hal etishda say’-harakatlarni birlashtirish, mintaqaga innovatsion texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini tatbiq etish kabi sohalarda mintaqaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha fikr almashish maydonga aylandi.

Ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Qo‘shni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy, sanoat-ishlab chiqarish  aloqalari jadal tus oldi.

Masalan, 2017-2019-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘rtacha yillik tovar aylanmasi hajmi ikki baravar oshdi va 5,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. 2020-yil yakunlariga ko‘ra, global pandemiyaga qaramay, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan umumiy tovar aylanmasi hajmi 5 milliard AQSh dollariga yetdi. Xususan, 2019-yilda  O‘zbekistonning tashqi  savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi  12,4 foizdan  2020-yilda 13,6 foizga oshdi. Bunda Qozog‘istonga 61 foiz, Qirg‘izistonga – 18,2 foiz va Turkmanistonga 10,6 foiz to‘g‘ri keladi. Qayd etish joizki, O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori Qozog‘iston bo‘lsa-da, (3 milliard AQSh dollari), Qirg‘iziston bilan o‘zaro savdoning eng jo‘shqin o‘sishi kuzatiladi (2016-yil bilan taqqoslaganda, 5 baravar ko‘p).

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarning yaxshilanishi butun mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qildi. Xususan, 2017-yildan 2020-yilga qadar O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida qariyb 75 milliard AQSh dollariga teng miqdorda 300 dan ortiq bitim va  shartnomalar, kelishuvlar  imzolandi.

O‘zbekistonda 2016-yildan 2021-yil yanvar oyiga qadar Markaziy Osiyo davlatlari kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 312 tadan 1451 tagacha yoki 4,5 baravar  oshdi.

Mintaqa mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi va investitsiyalar bo‘yicha ham yaqin hamkorlik qila boshladi. Qozog‘istonning Kustanay shahrida Ravon brendi ostida o‘zbek avtomobillarini birgalikda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistonning «Krantas grupp» MChJ va Tojikistonning «Talko» alyumin kompaniyasi hamkorlikda maxsus texnika ishlab chiqaruvchi zavod  tashkil etdi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning 2021-yil mart oyida O‘zbekstonga tashrifi chog‘ida 60 ta loyihani amalga oshirishni ko‘zda tutadigan sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish  bo‘yicha Amaliy  chora-tadbirlar rejasi  tuzildi.

Ustav kapitali 50 million AQSh dollari, so‘ngra 200 million AQSh dollarini tashkil etadigan O‘zbekiston – Qirg‘iziston investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston hukumatlari AQSh bilan hamkorlikda mintaqada iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun besh yil mobaynida 1 milliard AQSh dollarini jalb qilish maqsadida «Markaziy Osiyo investitsiyaviy  sherikligi» tashabbusini amalga oshirdi.  «Markaziy Osiyo – AQSh» platformasi orqali amalga oshiriladigan ushbu tashabbus savdo hajmini oshirish, ko‘p tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishda  mavjud barcha imkoniyatlardan foydalanishga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan yuritayotgan ochiq, oqilona va pragmatik siyosati samarasida, 2017-2020-yillarda suvdan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish kabi qiyin muammolar hal etildi.

Agar besh yil ilgari O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasidan kuniga 200-300 nafar fuqaro o‘tgan bo‘lsa, global pandemiya ta’sirida cheklovlarni joriy etishgacha bo‘lgan davrda bu ko‘rsatkich kuniga 30 ming kishini tashkil etgan. O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasidan esa  kuniga 20 ming nafar fuqaro o‘tgan.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida mintaqada kuzatilgan faol o‘zaro hamkorlik O‘zbekistoning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi  qo‘shnichilik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha yuritayotgan tashqi siyosiy strategiyasining yorqin tasdig‘idir. Pandemiyada mintaqa mamlakatlari bir-birlari bilan nechog‘li bog‘liqligini yana bir bor namoyish etdi.

Afg‘oniston bilan munosabatlarni mustahkamlash

O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik siyosati Afg‘oniston bilan aloqalarni mustahkamlashda ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «ming yillar davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari yagona madaniy-tamaddun makonida rivoj topganlar».

Afg‘on zaminida Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur rva boshqa ko‘plab o‘zbek olimlari, shoirlari, mutafakkirlari yashab, ijod etishgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston tomonlar o‘rtasidagi muloqotga ko‘maklashib, Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishda faol ishtirok etmoqda, shuningdek, Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash va ushbu mamlakatni mintaqaviy hamda xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlarga jalb qilishga yordam beradigan muhim iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda.

O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish istiqbollari qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishish bilan chambarchas bog‘liqligini anglashga asoslanadi.

Ta’kidlash joiz, Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni uzoq vaqt davomida boshi berk ko‘chada qolib ketdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan dunyo miqyosidagi ushbu o‘tkir muammoni xalqaro hamjamiyat kun tartibiga qayta kiritishga erishildi.

2018-yil 26-27-mart kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini, BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etdi. Afg‘oniston muammosini hal qilishga bag‘ishlangan bunday keng qamrovli forum birinchi marta ana shunday yuqori darajada o‘tkazildi..

Amaliy jihatdan Toshkent forumi boshlanishi arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSh, Rossiya, Xitoy rahbarlari, mintaqa mamlakatlari – Hindiston, Pokiston, Eron hamda Markaziy Osiyo davlatlari va, tabiiyki, Afg‘oniston yetakchilari bilan muhim shaxsiy uchrashuvlari va maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Toshkent konferensiyasining asosiy natijasi va muvaffaqiyati afg‘on inqirozini hal qilish masalasida umumiy xalqaro yondashuvni ishlab chiqish va tasdiqlashga erishilganidadir. Bularning barchasi afg‘on muloqotiga aloqador davlatlarning mutlaq ko‘pchiligi tomonidan tan olingan Toshkent deklaratsiyasida o‘z aksini topdi.

Unda forum ishtirokchilari «Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatilishi mintaqada barqarorlik va farovonlikni ta’minlash hamda ko‘p yillik zo‘ravonlik va afg‘on xalqining azob-uqubatlariga chek qo‘yishda salmoqli ahamiyatga ega ekanini» tasdiqlashdi.

Shu bois, qatnashchilar «Afg‘oniston rahbariyati va ushbu mamlakat xalqining sa’y-harakatlari bilan terrorizm va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashish sohasidagi o‘zaro yaqin mintaqaviy hamkorlik orqali amalga oshiriladigan siyosiy tartibga solish, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik va sheriklik Afg‘oniston va butun mintaqada tinchlik va farovonlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini» e’tirof etishdi.

Toshkent konferensiyasi va, umuman, O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati afg‘on mojarosini hal qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarning faollashishiga, tinchlik jarayonini ilgari surishga qaratilgan mintaqaviy savdo-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarga ushbu mamlakatni jalb qilishga olib keldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring