«Lacetti» haydovchisi IIB xodimlaridan qochishga urindi
Sirdaryo viloyatidagi YPX maskanida to‘xtatilgan «Lacetti» haydovchisi IIB xodimlaridan qochishga urindi. Qayd etilishicha, holat 2022 yilning 18 mart kuni soat 15:05 da sodir bo‘lgan.
«18 mart kuni olingan tezkor xabar asosida DXXning viloyat boshqarmasi, viloyat IIB JQB va viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir tashkil qilindi. Sayxunobod tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda davlat raqam belgisi yechib qo‘yilgan Lacetti YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgach, haydovchi YPX inspektorining qonuniy buyrug‘iga bo‘ysunmay qochgan va yo‘l chetida to‘xtab turgan, davlat raqami 20 716 VSF bo‘lgan xizmat avtomobiliga zarar yetkazgan. Shundan so‘ng maskan oldida joylashgan pastlikka tushib ketib, to‘xtagan. Avtomashinada bo‘lgan shaxslar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan», — deyiladi viloyat IIB axborot xizmati xabarida.
Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, mashinadan ko‘p miqdordagi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi hamda giyohvandlik moddasi bo‘lgan dori vositalari topilgan. Dorilar daliliy ashyo sifatida olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter