Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuzda xuruj qiladigan dard. Oshqozon-ichaklarning 1-raqamli dushmani nima? (video)

Ha, dard chekmagan sog‘liq qadrin bilmas, deb bejiz aytilmagan. Mutaxassislarning ogohlantirishu taqiqlariga qaramay, kun bo‘yi yengil-yelpi tamaddi qilib yoki och yurib, kechga qovurilgan, yog‘li, achchiq ovqatlarni yeyish qon-qonimizga singib ketganki, hatto salomatligimizda sezilarli izdan chiqish kuzatilsa-da, o‘zimizni, yo‘q-a, aniqrog‘i, nafsimizni tiya olmaymiz. Alal-oqibat, biror jiddiy kasallikni orttirgachgina majburlikdan ortga chekinamiz.

Kuz esa barcha surunkali xastaliklarni qo‘zg‘atadigan mavsum. Ayniqsa, oshqozon-ichak kasalliklaridan aziyat chekuvchilar bu fasldagi kutilmagan og‘riq xurujlaridan xavotirda yurishadi. 

Shularni inobatga olgan va aholi salomatligini ko‘zlagan «Xabar.uz» sayti navbatdagi videointervyuda oshqozon-ichak kasalliklariga to‘xtalishni o‘rinli deb topdi.

Bugun biz ko‘p yillik tajribaga ega shifokor-gastroenterolog Xolida Ochilova qabulidamiz. 

Oshqozon-ichak xastaliklari dunyoda eng ko‘p kuzatiladigan patologiyalar sirasiga kiradi.

Unga erkaklarning 38 foizdan ko‘prog‘i duch kelishadi. Sabab esa oddiy: alkogolga ruju qo‘yish, vaqtida shifokorga ko‘rinmaslik. O‘limga olib keluvchi gastroenterologik kasalliklar orasida 45 foizidan ortig‘ini alkogol tufayli rivojlanuvchi jigar xastaliklari egallaydi. Shu dard sabab erkaklar ayollarga nisbatan ikki baravar ko‘p hayotdan ko‘z yumishadi.

O‘tkir pankreatit va boshqa oshqozonosti bezi xastaliklari — 17 foiz gastroenterolog bemorlarining o‘limiga sabab bo‘ladi.

Dunyo bo‘yicha surunkali gastritdan 80 – 90 foiz odam qiynaladi.

Rivojlanayotgan davlatlarda xelikobakter infeksiyasi 40 yoshdan oshgan 95 foiz odamlarda uchraydi.

Gastritning asorati — oshqozon yarasi. Bu muammo sayyoramizning har 15-aholisida uchraydi. Erkaklar bunday yarani ayollarga qaraganda 2 – 4 baravar ko‘p «orttirib olishadi».

Oliy toifali shifokor-gastroenterolog Xolida Ochilovaning mavsumiy xurujga ega kasallik haqida bergan ma’lumotlari bilan yuqoridagi videoda to‘liq tanishishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring