Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Polvon hech qachon badanini ko‘pchilikka ko‘rsatmaydi. Keksa polvonlar o‘giti

Polvon hech qachon badanini ko‘pchilikka ko‘rsatmaydi. Keksa polvonlar o‘giti

«Kurash ilmi»ga doir kitoblar turkiy mamlakatlar, ayniqsa O‘zbekistonda bir necha asrlar mobaynida mavjud bo‘lgan. Dastavval u arab imlosida yozilib, bizgacha to‘la kitob holida yetib kelmagan. Tadqiqotlar tufayli kurash ilmi haqida nuroniy pahlavonlarning hikoyalariga asoslanib bir qancha ma’lumot yig‘ishimizga to‘g‘ri keldi.

Ularning aytishicha, zo‘riqish belga borib taqaladigan, bir qancha yo‘nalishlarni o‘zida mujassam qilgan, amallarga tayanib raqibning yelkasini yerga tekkizish – kurash deyiladi.

Kurash qoidasiga esa shunday izoh beradilar: «Ushbu qoidada oldindan belbog‘ ushlashmay tashlanish, raqib belbog‘idan bir qo‘l bilan ushlab yoki ikki qo‘l bilan ushlab, uni chalib va chalmay amal bajarish hamda beldan quchoqlab, jismoniy kuch ishlatib, ko‘tarib tashlash – bu kurash».

Ana shu maqsadga erishish uchun har qanday raqibga jismoniy kuch ishlatish paytidagi harakat – bu olishdir, deb ta’kidlaydi.

Shuningdek, zo‘riqish belga taqalgan kurashlarning barchasini bel olish kurash deb aytishadi va unga quyidagicha izoh berishadi:

a) amalni bajarish bel orqali bo‘lib, belbog‘ni ikki qo‘l bilan ushlab, qo‘lni qo‘yib yubormay chalib yoki chalmay amallar qo‘llash – bu bel olish kurashi;

b) amalni bajarish bel orqali bo‘lib, belbog‘ni ikki qo‘l bilan ushlab, qo‘lni qo‘yib yubormay ko‘tarib chalmay amallarini qo‘llash – bu bel olish kurashi;

v) amal bajarish bel orqali bo‘lib, belbog‘ni ikki qo‘l bilan ushlab, so‘ng bir qo‘lni qo‘yib yuborib bir qo‘l panja bilan belbog‘ ushlab chalib yoki chalmay amallarni qo‘llash – bu bel olish kurashi deyiladi.

Biz ta’kidlayotgan kurash ilmi kitobida umuman kurash xaqida so‘z borib, uning har bir turiga alohida to‘xtalib o‘tiladi. Quyida ushbu qo‘llanmadagi bel olish kurash haqida so‘z yuritamiz, unda axloq, odob, tarbiya, badanni chiniqtirish, pahlavonlarning o‘zini qanday tutishi, kuchsizlarga ko‘mak berish hamda bel olish kurashidagi amallar va unga doir bir qancha ilmiy qarashlarni bayon qilamiz.

Keksa pahlavonlarimiz esa ozmi-ko‘pmi ularga amal qilishgan. Bel olish kurash davralarida pahlavonlar odob saqlab jim o‘tirishgan, sayil davralarida ularni o‘rtaga bel olishga taklif qilishmaguncha, o‘zlari birov bilan kurashaman, deb o‘rtaga chiqmagan. Pahlavonlar odob yuzasidan hech qachon ko‘pchilik oldida yalang‘och badanini ko‘rsatmagan.

Bel olish kurashida polvon g‘alaba qozonganidan keyin navbatda turgan pahlavonlar bilan birin-ketin, to mag‘lubiyatga uchramaguncha bel olishgan. Basharti u bel olishni ixtiyor etmasa, uning raqibi bel olishni davom ettirgan, shu saylda boshqa pahlavonlar bilan yana uchrashish huquqidan mahrum etilgan.

Agarda bir tarafdagi pahlavonlarning hammasini mag‘lub etsa, unga bir nechta tomondan talab tushsa, kim bilan bel olishishni o‘zi hal qilgan. Lekin mag‘lubiyatga uchradi, deb ovoza qilinmagan. Pahlavonlar yiqitgan raqibining o‘rnidan turib olishiga ko‘mak berishgan. Pahlavonlar bel olish kurashi amallarini puxta egallashlari uchun shogirdlikka tushib, tarbiya ko‘rgan. Pahlavonlarga bel olish kurashi amallarini o‘rgatishdan tashqari, ularni jismoniy mashqlar, ahloq-odob va boshqa bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha tarbiyalashgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring