«Kuper stayl». Terma jamoamiz uslubi yaqqol namoyon bo‘lgan o‘yin (video)
BAAda davom etayotgan Osiyo Kubogi guruh bosqichining «F» guruhidan o‘rin olgan Turkmaniston – O‘zbekiston uchrashuvida terma jamoamiz yirik va ishonchli g‘alabaga erishdi.
O‘yinning birinchi bo‘limidayoq masala hal etildi. Eldor Shomurodov dubl qayd etdi, Javohir Sidiqov va Jaloliddin Masharipov o‘z hisoblariga bittadan gol yozishdi. O‘yinning ikkinchi bo‘limini xotirjam o‘tkazgan O‘zbekiston termasi hisob ushlab qoldi.
Terma jamoamiz guruhdagi birinchi o‘yinga qaraganda kuchaydimi yoki Turkmaniston termasi kuchsizmidi? Turkmanlar birinchi turda O‘zbekiston o‘z tarixida qilmagan ishni – yaponlar darvozasiga bir emas, ikki gol urishni uddasidan chiqqandi. Yon qo‘shnilarimizni yaqqol kuchsizga chiqarish to‘g‘ri emas.
Natijaning yirik ko‘rinish olishiga, Ektor Kuperning O‘zbekiston MTJga joriy etgan uslubning eng yaxshi namoyish etilgani bo‘ldi. Buni o‘yindan keyinga matbuot anjamanida argentinalik mutaxassisning o‘zi ham aytib o‘tdi. U birinchi bo‘lim haqida fikr bildirar ekan, «bu bizning eng yaxshi o‘yinimiz» dedi.
Ha, Ektor Kuper joriy etgan uslubni, u kelganidan buyon birinchi bor to‘laqonliroq kuzatish imkoniga ega bo‘ldik. To‘pni nazorat qilishga urinish, tezkor paslar orqali ko‘pchilik bo‘lib hujumga qo‘shilish...
Tan olish kerak, o‘ylangan g‘oyalarning yorqinroq bo‘y ko‘rsatishiga Turkmaniston termasining ham hissasi bo‘ldi. Turkmanlar birinchi turdagi Ummondan farqli ravishda pressingga e’tibor bermadi. To‘pni nazorat qilishga uringan va bo‘sh zonalar qidiradigan jamoa uchun eng asosiy to‘siq – raqibning shiddatli pressingi. Ummon termasi shu uslubda bizga jiddiy boshog‘rig‘i keltirgandi. Yon qo‘shnilarimiz esa bu jihatni hisobga olmadi va jazolandi.
Endi oldinda yanada kuchli raqiblar duch keladi va ular futbolchilarimizga bo‘sh zona qoldirmaslikka urinadi. Ana o‘shanda ham argentinalik mutaxassisning o‘ylagan rejalar amalga oshsa, biz turnirda uzoqroqqa boramiz. Aks holda...
Bu g‘alabadan keyin O‘zbekiston terma jamoasi guruh peshqadamiga aylandi va ochkolari sonini 6 taga yetkazib, muddatidan avval keyingi bosqich masalasini hal qildi. Yaponiyada ham shuncha ochko bor, ammo ular to‘plar nisbati tufayli ikkinchi o‘ringa joylashdi.
17 yanvar kuni O‘zbekiston va Yaponiya terma jamoalari o‘zaro uchrashuvda guruh g‘olibligi masalasini hal qilishadi. Ektor Kuper shogirdlarini ushbu bahsda durang ham guruhda yetakchilikni ushlub qolishiga yetarli bo‘ladi.
Turkmaniston – O‘zbekiston 0:4
Gollar: 0:1 – 17 Sidiqov, 0:2 – 24 Shomurodov, 0:3 – 40 Masharipov, 0:4 – 42 Shomurodov.
O‘zbekiston: Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov (Davron Hoshimov, 46), Anzur Ismoilov, Oleg Zoteyev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Odil Ahmedov (Fozil Musayev, 76), Dostonbek Hamdamov, Otabek Shukurov, Javohir Sidiqov (Ikrom Aliboyev 68), Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodov.
Turkmaniston: Mammet O‘rozmuhammedov, Zafar Bobojonov, Sapar Mekanov, Vezirgeldi Ilyasov, Gurbangeldi Batirov, Sardor Annao‘rozov, Arslanmurat Omonov (Titov, 65), Ruslan Mingazov, Ahmet Atayev (Annayev, 44), Rasul Xo‘jayev, Vohid O‘rozsahedov (Annadurdiyev, 46).
Ogohlantirishlar: Anzur Ismoilov (71).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter