Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Krokus»dagi teraktdan keyin hibsga olinganlardan biri vafot etdi

«Krokus»dagi teraktdan keyin hibsga olinganlardan biri vafot etdi

«Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan so‘ng qo‘lga olingan Asxab Uspanovning o‘limi haqidagi ma’lumotni uning onasi tasdiqladi. OAV xabarlariga ko‘ra, asli chechenistonlik qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkin.

Moskvada hibsga olingan chechenistonlik Asxab Uspanov bir necha soatdan keyin politsiya bo‘limida vafot etgan.

Uning onasi Taisa Uspanovaning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li ishdan qaytayotganida qo‘lga olingan. Hibsga olinganidan so‘ng Uspanov xotiniga qo‘ng‘iroq qilgan.

Uspanovning rafiqasi ikki soatdan keyin politsiyaga borgan. U yerda unga «eri yo‘q» deb aytishadi.

Ayblanuvchining onasi o‘g‘li Chechenistonda dafn etilganini aytgan, biroq jasad unga qachon berilgani, unda qiynoq izlari bor-yo‘qligi va o‘lim sababi nima ekanini bildirmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Uspanov teraktga aloqador bo‘lishi mumkin emas.

1ADAT Telegram-kanaliga ko‘ra, Uspanov ishdan keyin uyiga qaytayotganida avtobus bekatida niqobli odamlar tomonidan hujumga uchragan va u ular xavfsizlik kuchlari ekanini tushunmay, «qarshilik qilgan». Telegram kanalining ta’kidlashicha, so‘roq paytida xavfsizlik kuchlari uning qovurg‘alari va umurtqa pog‘onasini sindirishgan, shuningdek, bo‘g‘ish izlari va tana bo‘ylab ko‘karishlar bo‘lgan.

1ADAT shuningdek, Uspanovning jasadi tasvirlangan videoni ham e’lon qilgan. Ovozli xabarda aytilishicha, xavfsizlik kuchlari «jinoyatini yashirish» uchun u osish orqali o‘z joniga qasd qilganini aytgan. Uspanovning onasi o‘g‘li musulmon bo‘lgani uchun o‘z joniga qasd qila olmasligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, teraktda ayblangan tojikistonliklar ham sudga tan jarohatlari bilan olib kelingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring