Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘zbo‘yamachilik so‘zbo‘yamachilikni istaydi. Karim Bahriyev maqolasi

Ko‘zbo‘yamachilik so‘zbo‘yamachilikni istaydi. Karim Bahriyev maqolasi

So‘z erkinligi fuqarolarimiz, xalqimizning insoniy huquqlari ro‘yobga chiqishining o‘zak kafolatidir, insonning ajralmas huquqidir. Inson huquqini so‘z orqali biladi, so‘z orqali ifoda etadi, so‘z orqali himoya qiladi. Insonning so‘z erkinligi bo‘g‘ilar ekan, uning boshqa huquq va erkinliklari ham amalga oshmaydi. Matbuotga va uning vakillariga munosabat – xalqqa, uning insonga xos bo‘lgan so‘zlash huquqiga munosabtdir, davlatning demokratik ekani yoki emasligining bosh ko‘rsatkichidir.

Butunjahon matbuot erkinligi kuni arafasida ijtimoiy tarmoqlarda, axborot vositalarida «Ma’rifat» gazetasining Farg‘onadagi muxbiri Sharifa Madrahimovaga jurnalistik faoliyati uchun bosim o‘tkazilgani va ikki soat davomida ichki ishlar bo‘limida ushlab turilgani haqida xabarlar tarqalgach, bu ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonansni keltirib chiqardi. Holbuki, biz shu kunlarda O‘zbekiston so‘z erkinligi bo‘yicha «Chegara bilmas reportyorlar» reytingida atigi 156-o‘ringa ko‘tarilganidan biroz norozi bo‘lgandik, so‘z erkinligi bo‘yicha katta ishlar qilyapmiz deb mag‘rur edik.

2020 yil 21 aprel kuni Uchko‘prik tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «karantin vaqtida aholiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada sifatli mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotgani» haqidagi xabardan so‘ng, jurnalist Sharifa Madrahimova asl holatni o‘rganib, savdo shoxobchasida holatni ko‘radi va o‘z telefoniga tasvirga olmoqchi bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra: «Donasi 500 so‘mdan deb narx yopishtirib qo‘yilgan tuxum olmoqchi bo‘lganimda, sotuvchi har bir odamga faqat 5 donadan sotilishini aytishdi. Kilosi 42 ming so‘mdan bo‘lgan go‘sht o‘ta sifatsiz bo‘lib, sarg‘ayib uch-to‘rt kun turdi, birov olmadi. Chirishga kelgan kartoshkaning kilosi 2500 so‘m bo‘lib, foydalanishga yaraydigan emas edi. Uchko‘prik dehqon bozorida esa narx navo-qimmat».

Jurnalist yarmarkaga borib, holatni telefonida video va foto tasvirga olayotganida o‘zini «tuman hokimligi vakili», deya tanishtirgan Shohjahon Mo‘ydinov kelib telefonini tortib oladi. So‘ng jurnalist tuman IIBga olib ketiladi. Voqealar qanday rivoj topganidan xabardorsiz. Tuman IIBda «Gazetada ishlasangiz, nega videotasvirga oldingiz? Haqqingiz yo‘q», «Siz yarmarkani s’yomka qilayotganingizdan hokimning xabari yo‘q ekan-ku?» deya so‘roqqa tutishgacha borishadi...

Birinchidan, jurnalistning o‘rganish ob’yekti bo‘lgan bozorlardagi ahvol hammamizga tanishdir. «Arzon mahsulotlar sotiladigan ko‘rgazmalar» nomiga ekani hech kimga sir emas. Qolaversa, bozor iqtisodi sharoitida bozorlar va hokimiyatlarning o‘zi ham buni majburan bajaradi. Har bozorning kiraverishida tekshiruvchilar ko‘rishi uchun bezalgan bu peshtaxtada sifatsiz mahsulotlar terib qo‘yiladi, chunki tadbirkor o‘z zarariga sota olmaydi. Avvallari «arzon go‘sht» sotgan qassobga har kilogrami uchun arzon ozuqaga talon berilardi, ya’ni uning zarari budjetdan, ya’ni shu «arzon go‘sht»ni olayotgan odamlar to‘lagan soliqdan qoplanardi. Mamlakatda haqqoniy bozor iqtisodi qaror topishi kerak, ko‘zbo‘yamachilik tugashi kerak. Ko‘zbo‘yamachilik so‘zbo‘yamachilikni istaydi – bu yasama ko‘rgazmani haqqoniy deb yozishlarini istaydi.

Ikkinchidan, bozorda suratga olayotgan jurnalistni ichki ishlar bo‘limiga olib borish, uning guvohnomasini tekshirish, bozorda axborot olish uchun hujjat talab qilish, videotasvir uchun alohida huquq so‘rash – noqonuniy, xalqaro huquqqa, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga zid harakatlardir.

Axborotni erkin izlash, olish va tarqatish insonning uzviy huquqidir. Xalqaro huquqda ham, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 moddasida ham: «Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega», deyilgan. Qonun talabining ibtidosiga e’tibor bering – «har kim» deyilmoqda, fuqaro ham deyilmagan. Bu huquq mamlakatdagi har bir insonga taalluqlidir, nafaqat fuqaro, jurnalist, voyaga yetgan yoki hujjati bor yoki yo‘q odam, axborot huquqi barchaga taalluqlidir. Bozorda bola ham kelib axborot olishi mumkin. Ruxsat olib suratga olinadigan makon mamlakatda uchtadir – qamoqxona, kasalxona hududi va sud majlisi zalidir. Ularda ham suratga olish mumkin, faqat shu muassasa rahbarining ruxsati bilan. U rahbarlar ham man etsa, buni asoslashga majburdir, chunki axborot huquqi faqat qonunda bo‘lgan sabab bilan cheklanishi mumkin, vassalom.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlat o‘laroq, xalqaro huquqning sub’yektidir. Bu maqom mamlakatimizga ayni paytda xalqaro hamjamiyatning birgalikda qabul qilingan umummajburiy qonun-qoidalariga rioya qilish mas’uliyatini ham yuklaydi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonunlarning deyarli barchasida xalqaro huquq normalarining ustuvorligi ta’kidlangan. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining xalqaro huquqiy asoslari sifatida «Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi», «Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktga fakultativ protokol»ni, O‘zbekiston Respublikasining BMT,  YeXHK, MDH va boshqa xalqaro tashkilot va alyanslar oldidagi majburiyatlarini, O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan axborot siyosatiga doir tuzgan bitim va shartnomalarini keltirish mumkin. 

Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasida: «Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi», deyiladi. Xuddi shunday qoida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida ham keltiriladi. Insonning e’tiqod erkinligi, axborot olish va tarqatish erkinligi insonga tug‘ilganidanoq tegishli bo‘lgan huquqi hisoblanadi. Shuning uchun modda: «Har kim…» degan jumladan boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuotga doir siyosati uning ochiqlik siyosatining o‘zagidir. Davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning so‘rovlari, muammolari va takliflariga o‘z vaqtida javob berish talab qilinadi, so‘ragan odamning o‘zini so‘roqqa tutish, ushlab ketish, tazyiq o‘tkazish bu siyosatga zid harakatlardir.

OAV va blogerlar bu yangi siyosatda beqiyos rol o‘ynaydi, ular fuqarolarga haqqoniy axborot yetkazishda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga katta yordam ko‘rsatadi va, ayni paytda, haqqoniy ahvolni berkitishga urinadigan mansabdorlarni namoyon qiladi.

Jurnalistlar uyushmasi, uning Jamoatchilik Kengashi barcha pog‘onadagi davlat idoralari vakillarini axborot sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilikni hurmat qilishlari va tanqidni to‘g‘ri qabul qilishlarini istaydi. Hokimiyat vakillari jurnalistlar va blogerlardan, jamoat nazorati sub’yektlariga bo‘lgan fuqarolarga va ommaviy axborot vositalaridan minnatdor bo‘lishlari kerak, chunki ular jamiyatdagi illatlarni fosh etadi, fuqarolarning ma’lum muammolarini hokimiyatdagilar ko‘rishlariga, birgalikda bartaraf etishlariga imkon beradi.

Mazkur xodisa qonun doirasida batafsil o‘rganib chiqishlishi hamda jurnalistga nisbatan bosim o‘tkazish holati aniqlangan taqdirda mutasaddilarga tegishli tartibda chora ko‘rilishini, yetarlicha saboq chiqarilishini Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligidan kutishga haqlimiz.

Mamlakatda korrupsiyaga, ko‘zbo‘yamachiliklarga, ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va iqtisodiga, monopoliyalar va byurokratiyaga qarshi qattiq kurash boshlangan va bugungi vaziyatdan foydalanib asta-sekin boshini ko‘tarayotgan, so‘z erkinligini bo‘g‘ish, yana hammayoqni gulzor etib tasvirlashga urinayotgan, haybarakallachilik soyasida suiiste’molchiliklar qilishga urinayotgan eski tuzumdan qolgan illattashirlarga murosa qilish mumkin emas. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev: «Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik nazorati borasida orqaga qaytish bo‘lmaydi», degandi. Qandaydir bir virus yoki karantin nazorati yo biror-bir hokimiyat vakili inson huquqlari va erkinliklarini, Prezident bergan kafolatlarni bekor qila olmaydi. Qonunchilik o‘z kuchida turibdi.

Karim Bahriyev,
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Jamoatchilik kengashi raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring