Kosonsoydagi qishloqlarni suv bosdi
Kecha, 18 may kuni soat 17.30lar atrofida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi «Rovot», «Guzar», «Bog‘», «Soybuyi», «Xonqo‘rgan», «Yangishahar», «Yangiyul», «Qozoqovul» va «Buloqboshi» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida 543 hovlini suv bosdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Kuchli jaladan ko‘p miqdorda suv yig‘ilishi oqibatida irrigatsiya tizimlari chorasiz qolgan va natijada pastliklarda joylashgan aholi maskanlarida suv to‘plаngan. Ijtimoiy ahamiyatga ega ob’yektlar zarar ko‘rmagan. Suv bosgan hududlardagi odamlarni evakuatsiya qilishga hojat bo‘lmagan.
Kosonsoy tumani hokimligida hokim boshqaruvida tezkor shtab tuzilib, hodisa oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan jami 42 dona texnika va 240 nafar kishi jalb etilgan.
Qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, kecha Surxondaryo viloyatining Elobod, Azlarsoy va Bog‘or mahallalari hududi kuchli yomg‘ir oqibatida sel ostida qolgani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter