Koronavirusga chalinib, belgilarsiz yurgan fuqarolar bor — SSV

So‘nggi kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlariga e’tibor qaratsak, ko‘pincha o‘z ixtiyori bilan yoki profilaktik maqsadida namuna olinganda kasallik aniqlanayapti. Bu esa yon-atrofimizda koronavirusga chalinib, hech qanday kasallik belgilarisiz yurgan fuqarolar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ayni holat barchamizdan yanada xushyor bo‘lishni talab etadi.
SSV matbuot xizmati xabar berishicha, 20-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 207 nafar bemordan 19 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 21-iyun kuni esa 162 nafar bemordan 22 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi kamaygan bo‘lsa-da, ammo aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshgan.
21-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Buxoro viloyatida 11 nafar, Toshkent shahrida 7 nafar, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida 1 nafardanni tashkil qildi.
Jumladan, Shayxontohur tumanida yashovchi G.I.da (sanatoriyga yotish maqsadida namuna topshirgan) va Z.G.da (shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), «Ipotekabank»ning Chilonzor tuman filiali xodimi F.A.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), «O‘zbekiston havo yo‘llari» AJ xodimi Sh.D.da (ishga qaytish uchun namuna topshirgan), Toshkent shahridagi «AMG» MChJ xodimi K.M.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyatidagi xorijiy korxonaning 4 nafar ishchisida (korxona xodimi tana harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan. Profilaktika maqsadida boshqa xodimlardan ham namuna olingan) va shu xududdagi issiqxonaning 5 nafar ishchisida (profilaktika maqsadida namuna topshirishgan), shuningdek, viloyatda yana 2 nafar fuqaroda (profilaktika maqsadida namuna olingan), Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi X.T.da (Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi «F-market» do‘konida sotuvchi. Tana harorati ko‘tarilgach, ertasiga Andijon viloyatiga, o‘z uyiga qaytgan), Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro G.A.da hamda Samarqand shahar sanitariya-epidmiologiya osoyishtaligi markazi xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Vaziyat hamon xavotirli ekanini inobatga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan yon-atrofdagi odamlar bilan ijtimoiy masofa saqlagan holda, imkon qadar kamroq muloqotda bo‘lishni, va albatta, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, ozodalikni saqlash, qo‘llarni yaxshilab, qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqobni to‘g‘ri taqib yurish kabi karantin qoidalariga muntazam ravishda qat’iy rioya etishlarini so‘rab qoladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter