Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusga chalingan soppa-sog‘ odam oyog‘idan ayrildi

Koronavirusga chalingan soppa-sog‘ odam oyog‘idan ayrildi

Foto: «Daily Mail»

Angliyaning Dorset grafligi Bornmut shahrida yashovchi odam koronavirusni yuqtirib olgandan so‘ng tromb paydo bo‘lishi natijasida oyog‘idan ayrildi. Bu haqda «Daily Mail» xabar berdi.

Oktyabr oyining oxirida 56 yoshli Li Mebbett COVID-19 bilan kasallanib qolgan. U ta’m bilmay qo‘ygan va butun vujudi zirqirab og‘riy boshlagan. Uyda o‘n kunlik izolyasiyadan so‘ng Mebbettning ahvoli yaxshilangandek bo‘lgan. U kasallikdan tuzaldim deb o‘ylagan. Ammo keyinchalik o‘ng oyog‘ini yaxshi sezmayotganini payqab qolgan.

Angliya fuqarosi Milliy sog‘liqni saqlash xizmati mutaxassislariga qo‘ng‘iroq qilgan: ular og‘riq qoldiruvchi preparat qabul qilishni maslahat berishgan. Bir necha kundan so‘ng oyog‘idagi og‘riq kuchaygan. Shundan so‘ng unga tez yordamga borishni maslahat berishgan. Kompyuter tomografiyada bemor sonining yuqori qismida 15 sm tromb borligi aniqlangan.

Jarrohlar zudlik bilan Mebbettning oyog‘ida qon ta’minotini tiklash maqsadida operatsiya yo‘li bilan trombni olib tashlashgan. Ammo bir necha kundan so‘ng o‘ng oyog‘ining kaftlari va barmoqlari qoraya boshlagan. Operatsiyadan keyin Mebbett shifoxonada 13 kun yotgan. Qon ta’minoti qayta tiklanmagan va oyog‘i asta-sekin o‘la boshlagan.

Shifokorlar yanvar oyida bemorning oyog‘ini kesib tashlashga qaror qilishdi va erkakni vaqtincha shifoxonadan chiqarishdi. Biroq 15-dekabr kuni yana tibbiyot muassasasiga olib borildi va oyog‘i shoshilinch ravishda amputatsiya qilindi. Chunki oyog‘i qorayib ketgandi.

«Uch oydan so‘ng protez yordamida yana yura olaman. Shunchaki itlarim bilan sayr qilishni va oddiy hayot kechirishni xohlayman, ammo endi hammasi boshqacha bo‘ladi. Hayot tarzi borasida omadim chopgan: bungaloda yashayman, nogironlar aravachasida o‘tirgan holda uyda ishlashim mumkin. Oyoqdan ayrilish boshqalarga ta’sir qilganchalik menga ta’sir qilmaydi», — dedi u.

Mebbett koronavirusga chalinishdan oldin soppa-sog‘ bo‘lganligini ta’kidladi. U boshqalarni koronavirusni yuqtirib olishdan saqlanish uchun ijtimoiy masofa saqlashga chaqirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring