Koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha yangi me’yorlar tatbiq etiladi
«COVID-19» bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalarning oltinchi nashri tasdiqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Ushbu nashrda aks etgan muhim o‘zgarishlar haqida vazirlik qoshidagi Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zosi Habibullo Oqilov quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Oltinchi nashrning avvalgilaridan farqi shuki, undan koronavirusning paydo bo‘lishi, dunyo bo‘yicha tarqalishi kabi umumiy ma’lumotlar olib tashlanib, ish jarayonida o‘rganish va qo‘llashga oson bo‘lishi uchun, asosan, davolash bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun aniq ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, shu paytgacha mahalliy mutaxassislarimiz tomonidan to‘plangan tajribalar asosida tegishli qo‘shimchalar ham kiritildi.
Masalan, koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida qanday tartibda davolanishi aniq belgilab berildi.
Bundan tashqari, dunyo tajribasidan kelib chiqib, kasallik klinik belgilarsiz kechayotgan bemorlar bilan ishlash bo‘yicha ham tibbiyot xodimlari uchun alohida tavsiyalar taqdim etildi.
Bemorni davolashda bir qator tahlil jadvallarining berilishi mazkur nashrdagi eng muhim yangiliklardan biri bo‘ldi, deyish mumkin.
Jumladan, o‘tkir respirator kasalliklarga ega bemorning kasallik belgilari bo‘yicha savolnomasi keltirilgan bo‘lib, u orqali kasallik simptomlari bilan bir qatorda, bemorning oxirgi 14 kunlik faoliyati va muloqotlari haqida ham ma’lumot olish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, unda hozirgi kunda eng dolzarb bo‘lib turgan, pnevmoniya bilan kasallangan bemorlar ahvolining og‘irlik darajasini aniq baholash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqildi.
Bunda pnevmoniyaning og‘irlik darajasi – yengil, o‘rta, o‘rta og‘ir va og‘ir kabi 4 ta kategoriyaga bo‘lindi.
Ularning farqli jihatlari aniqlashtirildi. Qo‘llanma bilan tanishgan mutaxassis kasallikning turli darajasidagi o‘pkaning namunaviy kompyuter tamografik suratlari misolida bemorning holatiga tez va aniq baho bera oladi.
Ya’ni yengil darajadagi pnevmoniya aniqlangan bemorlar birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari nazorati ostida uy sharoitida davolanadi, o‘rta darajasidagi – maxsus saralash va taqsimlash markazlariga, o‘rta og‘ir va og‘ir darajasidagi bemorlar esa maxsus ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga yo‘naltiriladi. Shu orqali bemorga yordam ko‘rsatish jarayoni tezlashtirilishiga erishiladi.
Bundan tashqari, qo‘llanmada bemorning holati, ya’ni uning tana harorati, saturatsiyasi, nafas olish va yurak urish soni, arterial qon bosimi, KT-tahlili kabi qator ko‘rsatkichlar orqali dinamikasini baholash tizimi joriy qilish ko‘rsatib berildi.
Bu orqali esa bemorning ahvoli ijobiy yoki salbiy tomonga o‘zgarayotgani haqida yaxlit tahlilga ega bo‘lish imkoniyati yaratildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter