Koronavirusdan tuzalganlar soni 500 nafarga yaqinlashdi

Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 2 nafar, Surxondaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan esa 1 nafar, Buxoro viloyatidan bugunning o‘zida yana 6 nafar, jami 9 nafar bemor butkul sog‘aydi.
Ular mas’ullar ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi, deya xabar bergan Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning 1 nafari (ayol) 54 yoshda, Toshkent shahridan. Yana bir nafari (erkak) esa Toshkent viloyatidan, 25 yoshda. Ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan.
Surxondaryoda tuzalgan bemor (erkak) esa 31 yoshda bo‘lib, Sirdaryo viloyatidan. U joriy yil 27 mart kuni charter reys bilan Rossiyadan Termiz shahriga kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyatida sog‘ayganlarning 3 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Namangan viloyatidan bo‘lsa, 1 nafari Buxoro viloyatidan. Ularning yoshi kattasi 62 yoshda, eng yoshi kichigi esa 21 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.
Ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar hozircha 495 nafarni tashkil etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter