Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusdan tuzalgan bemorlar soni oshdi

Koronavirusdan tuzalgan bemorlar soni oshdi

Foto: SSV

Poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 8 nafari butkul sog‘aydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Sog‘aygan bemorlarning 4 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ulardan 6 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Toshkent viloyatidan. Bemorlardan ikki nafari Turkiyadan, yana bir nafari esa Rossiyadan Toshkentga charter reysi bilan kelishgan.

Qolgan besh nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 51 yoshda, eng kichigi esa 10 yoshda.

Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. Ularning shifo topishida mazkur klinika jamoasi birdamligi, mahorati va tajribasi hal qiluvchi rol o‘ynaganini alohida ta’kidlash lozim. E’tiborli jihati, mazkur klinikada shu paytga qadar 56 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 64 nafarga yetdi.

Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 107 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Bu esa qolgan bemorlarning ham shifo topishiga ishonch uyg‘otmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring