Koronavirus yuqtirganlar soni bo‘rttirib ko‘rsatilyaptimi? Keng tarqalgan mish-mishlarga javob qaytarildi
![Koronavirus yuqtirganlar soni bo‘rttirib ko‘rsatilyaptimi? Keng tarqalgan mish-mishlarga javob qaytarildi](https://static.xabaruz.com/crop/3/4/720_460_95_3418344833.jpeg)
Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda kasallik soni bilan bog‘liq raqamlar haqida aholi o‘rtasida har xil tushunarsiz savollar kelib chiqayotgani, e’lon qilinayotgan bemorlarning soni haqiqiymi-yo‘qmi, yoki buning ortida odamlarni karantin talablariga rioya etishga undash maqsadi turibdimi degan savolga javob qaytardi.
— Raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish yoki ularni kattaroq raqam qilib ko‘rsatish — hech qachon O‘zbekistondagi soha vakillarining maqsadi bo‘lgan emas. Eng asosiysi, bizda kasallikni yashirishga urinish yo‘q.
Laboratoriya tekshiruvi natijasida aniqlangan har bir shaxs qaysi hududdan ekani, qaysi aholi qatlamiga mansub ekani, u karantin hududida yo xorijdan kelan fuqarolar orasida qayd etilayotgani to‘g‘risida to‘liq axborotni bir kunda 2 marotaba televideniye orqali ommaga yetkazyapmiz.
Asosiy maqsadimiz — ularni xavotirga solish emas, ularni xushyorlikka chaqirish. Kasallik qo‘zg‘atuvchilari atrofimizda borligini, har bir ehtiyotsizlik kasallikni yuqtirib olish ehtimolini yuzaga keltirishi mumkinligini biz qayta-qayta eslatyapmiz.
Dunyo statistikasiga ahamiyat bering: bir kunda, masalan bugun (15-iyun) jahon miqyosida 123 mingta bemor qayd etildi, kecha 140 ming bemor aniqlangan.
Albatta, dunyo hamjamiyatidagi raqamlarning oldida O‘zbekistonda ko‘rsatkichlar birmuncha past. Bularning barchasi — biz, sizlar bilan birgalikda olib borayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlarimiz, qolaversa, shu ishga jalb qilingan soha xodimlarining sa’y-harakatlari natijasi.
Asosiy maqsad epidemik vaziyatni jilovlashga qaratilgan. Biz kasallik keng ko‘lamda aholiga tarqalib ketishining oldini olish bo‘yicha hamma ishlarni qilyapmiz. Aholiga to‘g‘ri ma’lumotni o‘z vaqtida yetkazishga harakat qilyapmiz, – dedi Nurmat Otabekov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter