Koronavirus xotirani pasaytirishi bo‘yicha savolga javob berildi
AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda ayrim muhim savollarga javob berildi.
Ushbu hafta Rossiyaning nufuzli klinikalaridan bir guruh shifokorlar kelishgan edi. Ular qayerda va nima ish olib bormoqdalar?
Rossiyalik mutaxassislar:
- Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti,
- Viruslogiya ilmiy tekshirish instituti klinikalarida,
- Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida,
- viloyatlardagi shu sohaga ixtisoslashgan shifoxonalarda mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda og‘ir bemorlarni konsultatsiya qilmoqdalar va o‘zaro tajriba almashmoqdalar.
O‘zbekiston olimlari, yuqori malakali mutaxassislari ishlab chiqqan protokollar, tavsiyalar hamda bemorlarni kasallik kechishi bo‘yicha saralash algoritmi bilan tanishib chiqmoqdalar.
Koronavirus infeksiyasi kasalligidan so‘ng xotiram pasayganini sezdim. Shunaqa bo‘lishi mumkinmi? Xotiram o‘z holiga keladimi, buning uchun qanday muolajalar qilishim kerak?
Mumkin. Kasallik o‘rta va og‘ir kechgan bo‘lsa test natijalari manfiy chiqishi bemor tezda oldingi holatiga keladi degani emas.
Bemorda tez charchash, holsizlik, ta’m va hidni sezmaslik, kurak sohasidagi og‘iqlar, yo‘tal, depressiya holatlari, xotira pasayishi kuzatilishi mumkin.
Kasallik yengil kechsa ham asorati bo‘ladi. Lekin barcha a’zolar faoliyati sekin-asta yaxshilanadi.
Asoratlar bir necha hafta yoki oy ichida yo‘qolishi mumkin, ammo ba’zi odamlarda bu uzoqroq vaqt davom etishi ehtimoli ham mavjud.
Xotirani tezroq oldingi holiga qaytarish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
- jismoniy mashqlar bilan shug‘ullaning. U miya faoliyatini tiklashga yordam beradi; kognitiv funksiyani tiklashga yangi qiziqishlar (xobbi), jumboq mashg‘ulotlar, so‘zli va raqamli o‘yinlar, xotirani tiklovchi mashqlar va kitob o‘qish yordam beradi;
- o‘zingiz uchun qilishingiz kerak bo‘lgan ishlarni soat nechada va qaysi kuni bajarishingiz haqida eslatib turish uchun turli xil eslatmalardan foydalaning;
- masalan, bajarilishi kerak bo‘lgan ishlaringiz ro‘yxatini tuzib yozing, turli eslatmalar va telefon tovushlaridan foydalanishingiz mumkin;
- rejalashtirilgan ishlaringiz murakkab va hatto imkonsiz bo‘lib ko‘rinmasligi uchun ularni alohida harakatlarga bo‘lishingiz kerak;
- vitaminga boy ovqatlar, meva-sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qiling.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter