Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus va karantin haqida bir qator savollarga javob berildi

Koronavirus va karantin haqida bir qator savollarga javob berildi

AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya-epidlemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi:

— Vodiylikmiz, Zomin sanatoriysiga yo‘llanma olganmiz. Shaxsiy mashinada borsak bo‘ladimi?
— Agar «putyovka»ngizda pasport ma’lumotlari, Zomin sanatoriysida davolanish uchun shifokor tomonidan berilgan sanator-kurort kartasi hamda 3 kun oldin koronavirusga topshirilgan test natijalari ko‘rsatmalari bo‘lsa, bemalol borishingiz mumkin.

— Yevropalik mutaxassislar koronavirus infeksiyasining agressivligi mart oyiga qaraganda havo isishi tufayli pasayganini aytishmoqda. O‘zbekistonda ahvol qanday?
— Boshqa davlatlardaki kabi O‘zbekistonda ham kasallik birmuncha kamayganini kundalik kuzatuvlardan ko‘rib borayapmiz. Bunga virus agressivligining pasayishi emas, aksincha insonlarda shu virusga nisbatan «o‘zini-o‘zi himoya qilish» ya’ni kurashish qobiliyati paydo bo‘lgani va virusga nisbatan betinim olib borilayotgan karantin choralari sabab bo‘lmoqda. Ob-havoning isib ketishi ham qaysidir darajada ta’sir etgan bo‘lishi mumkin.

— Koronavirusga chalingan bemorlarda kasallikdan keyingi asoratlar qanday bo‘ladi?
— Davolangan odamlar uchun koronavirusning oqibatlari bir nechta omillarga bog‘liq: insonning immuniteti va surunkali kasalliklar. Sog‘aygandan keyin bir necha hafta davomida quyidagi asoratlar uchrashi mumkin:
➖ tez yurish, zinapoyaga chiqishda yoki jismoniy zo‘riqqanda nafas qisilishi;
➖ isitmasiz va balg‘amsiz yo‘tal;
➖ surunkali kasalliklarning kuchayishi.
Shuning uchun davolangandan so‘ng immunitetni kuchaytirishga, vitaminlarga boy oziq-ovqat maxsulotlarini iste’mol qilishga, kunda bir necha bor nafas gimnastikasini bajarishga va xonalarni doim shamollatib turishga ahamiyat berish kerak.

— Agar kasallik yuqtirgan bemor boshqa viloyatdan bo‘lsa, kasallik sonini hisobga olishda bemor doimiy yashash joyi inobatga olinadimi yoki yuqtirgan hududi?
— Kasallik qayerda aniqlansa, o‘sha hududda ro‘yxatga olinadi.

— Chet davlatda koronavirusga chalinib davolanib chiqqan fuqaro O‘zbekistonga qaytsa, yana karantinga olinadimi?
— Bosh davlat sanitariya shifokorining 4-sonli qaroriga binoan, davlatimiz chegarasidan kirib kelgan har bir fuqaro 14 kunga karantinga olinadi, 10-kuni koronavirusga tahlil topshirib, natijasi «manfiy» bo‘lsa 14-kuni uyiga ruxsat beriladi.


— «Sariq» rangli hududlarda sun’iy futbol maydonlarida sport bilan shug‘ullansa bo‘ladimi?
— Bo‘ladi, bunga ruxsat berilgan, faqat karantin qoidalariga rioya etgan holda.

— Pirometr yo‘q bo‘lsa, fitnes zalga keluvchilar uchun individual simobli termometrdan foydalanish mumkinmi?
— Individual simobli termometrdan foydalanilganda har bir keluvchidan keyin dezinfeksiya qilish zarur, bunday termometrlarni har bir klub a’zosi uchun alohida sotib olish kerak bo‘ladi. Shunga ko‘ra, pirometr sotib olish maqsadga muvofiq.

— Nega «sariq» hududlarda ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish va gigiyenaga rioya qilishga majbur qilib bo‘lmaydigan bolalar uchun guruhda 15 tagacha bola bilan bog‘chalar ochilishi mumkinu, barcha gigiyena qoidalariga rioya qila oladigan niqob taqadigan abituriyentlar 10 tadan bo‘lib o‘quv markazlariga borishlari mumkin emas?
— Hozirda ko‘plab korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyati tiklanmoqda. Ota-onalar ishlashlari uchun bolalar bog‘chasi ishlashiga ruxsat berilmoqda. Abituriyentlar esa onlayn rejimda o‘qishlari mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring