Koronavirus: O‘zbekiston, yaqin xorij va jahondagi vaziyat, 27-aprel (infografika)

Bugun, 27-aprel — mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi aniqlanganining 44-kuni.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 26-aprel soat 18:00 da bergan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatimizda koronavirusni yuqtirganlar jami soni 1869 nafarga yetdi: 789 nafar bemor sog‘ayib ketgan, 8 nafari vafot etgan.
26-aprel sanasida O‘zbekistonda koronavirus 7 kishida aniqlandi — so‘nggi marotaba bunday past (yaxshi) ko‘rsatkich 30-mart kuni qayd etilib, 5 kishi kasallikka chalinganlar ro‘yxatiga kiritilgandi.
O‘zbekistonda davolanishda bo‘lgan bemorlar soni 20-aprelda eng yuqori cho‘qqisiga chiqqandi — 1361 nafar, shundan beri pasayish tinmay davom etib, ularning umumiy soni 1072 nafarga tushdi.
«Worldometers» ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq ittifoq mamlakatlarida eng yomon vaziyat Rossiya va Belarusda, Rossiya kunlik aniqlanayotgan bemorlar soniga ko‘ra faqat AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi, mintaqada virus xavfi nisbatan «eng kam tuyulgan» Belarusda esa vaqtida cheklovlar qo‘llanmasligi oqibatida koronavirusga chalinganlar soni bugunga kelib 10 ming nafardan oshib ketdi, belaruslar kuniga eng ko‘p kasallik aniqlanayotgan mamlakatlar qatoriga chiqib oldi.
Dunyodagi eng ulkan koronavirus o‘chog‘i — AQSh 1 millionlik xavfli dovonga juda yaqin qoldi — shtatlarda 977 mingdan ziyod inson yangi turdagi koronavirusni yuqtirgan.
Eslatma: ayrim raqamlar soniyasiga yangilanib turgan global manbalardagidan farqlanishi mumkin — koronavirus juda tez tarqamoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter