Koronakrizis: sinfxonalarni tovuqxonalarga aylantirgan koronavirus — Keniya
Koronavirus pandemiyasi sababli Sharqiy Afrikaning Keniya mamlakati hukumati maktablarni yanvar oyiga qadar yopdi, oqibati shu bo‘ldiki, xususiy maktablar nima qilib bo‘lmasin jon saqlab qolish payida, deb yozmoqda VVS.
Bir paytlar bolalarning ovozi bilan to‘lgan xonalarda endi tovuqlarning ovozini eshitasiz. Sinf taxtasidagi karralar jadvali o‘rniga jonivorlarni emlash jadvali osib qo‘yilgan...
Xususiy maktablardan birining xo‘jayini Jozef Mayna sinfxonalarni fermerlarga tovuq boqish uchun ijaraga berdi. Shunga majbur. Boshqa ilojisi ham yo‘q. Ayniqsa, mart og‘ir keldi, maktablar yopilganidan keyin bankka borib, olgan krediti muddatini cho‘zib turishni iltimos qildi.
Keniya xususiy maktablar uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, sanoqli maktablargina onlayn o‘qitishni uddalagan, ammo ular olayotgan daromad o‘qituvchilarning maoshini qoplashga zo‘rg‘a yetadi.
«Xususiy maktablarning 300 mingdan ortiq xodimlaridan 95 foizi to‘lovsiz ta’tilga chiqarib yuborildi, 113 ta xususiy maktab faoliyatini butunlay to‘xtatdi», — dedi uyushma rahbari Piter Ndoro.
Inqirozdan chiqish ilinjida har kim bilgan chorasini qo‘llayapti. Kimdir tovuq boqsa, kimdir dehqonchilik bilan band.
«Hammayoqda shu ahvol. Men ham qo‘limdan kelgunicha kurashyapman. O‘qituvchilar va o‘quvchilarni bu yerda endi uchratmaysiz», — dedi o‘z maktabidagi bolalar maydonchasini sabzavotzorga aylantirgan Jeyms Kungu.
Maktablarni tark etgan o‘qituvchilar esa kasblarini o‘zgartirishyapti.
Makrin Oteno poytaxtdagi xususiy maktabda olti yil dars bergan. Ijarani vaqtida to‘lay olmagani uchun kvartirasidan chiqarib yuborishgan. Endi esa jon saqlash uchun enagalik qilyapti.
Keniya xususiy maktablar uyushmasining bor umidi hukumatdan.
«Hukumat xususiy maktablarni qo‘llashi shart, chunki ular hukumatning ta’lim xarajatlarini qisqartirishda yordam berib, iqtisodiyotga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgandi, — ta’kidlaydi Piter Ndoro.
Keniya ta’lim vazirligi xususiy maktablarni imtiyozli kredit billan qo‘llamoqchi, ammo hammasiniyam emas, faqat malakalanganlarini. Uyushma rahbarining nazarida esa, bu kamlik qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter