«Ko‘p go‘sht yemoqdamiz!» – Hayitovcha bayonot bergan ispan vaziri ham boshiga balo orttirib oldi
Aholini ko‘p go‘sht yeyishda ayblab chiqqan Ispaniyaning iste’molchilar huquqlari bo‘yicha vaziri Alberto Garson keskin tanqidlarga nishon bo‘ldi. Janob Garsonga ko‘ra, Ispaniyada har yili 70 mln bosh chorva mollari va qushlar so‘yilmoqda. Vazir ispaniyaliklar Yevropa Ittifoqida eng ko‘p go‘sht iste’mol qilayotgan millat ekanini da’vo qilib, kamroq go‘sht tanovul qilishga chaqirgan.
Pandemiya davrida xiyla ruhiy toliqishga uchragan jamiyat vazirning bu so‘zini g‘azabnok kayfiyatda qabul qildi. Fermer hamda chorvadorlar-ku vazirni sixga tortib kabob qilib yuborishlariga bir baxya qoldi!
Ispaniya go‘sht ishlab chiqaruvchilar uyushmalari vazirni 2,5 million kishi ish bilan band bo‘lgan va davlat g‘aznasiga har yili 9 milliard yevro daromad keltirayotgan sohani obro‘sizlantirishda ayblab chiqdi.
Muxolif partiyalar ham iste’molchilar huquqlari bo‘yicha vazirning tashabbusini keskin qoraladi. «Vazirning ushbu fikri uning oddiy xalq hayotidan qanchalar uzoqlashib ketganini ko‘rsatadi», – deb bayonot berdi «Ovoz» partiyasi. Xalq partiyasi esa go‘shtdan parhez qilishga chorlayotgan vazirning ongi kommunizm g‘oyasi bilan zaharlanganini iddao qildi.
Qizig‘i, Alberto Garsonning hukumatdagi hamkasblari ham unga xayrixohlik ko‘rsatishmadi. Masalan, Ispaniya qishloq xo‘jaligi vaziri Luis Planas kamroq go‘sht yeyish haqidagi fikrni muvaffaqiyatsiz tashabbus deb atadi. Bosh vazir Pedro Sanches esa qo‘l ostidagi amaldorning bemavrid taklifiga munosabat bildirar ekan, quling o‘rgilsin bifshteksdan voz kechish niyatida emasligini bildirdi.
Tanqid bo‘roni ostida qolgan A.Garson davlat telekanali orqali chiqish qilib o‘zini oqlashga urindi. Xususan, go‘shtxo‘rlikdan butunlay voz kechishni taklif etmayotgani, balki mutaxassislar tavsiyasiga rioya etishga undayotganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, o‘rtamiyona turmush kechirayotgan ispan haftasiga 1 kilodan oshiq go‘sht iste’mol qilmoqda. Ispaniya vakolatli idoralari esa bu ko‘rsatkichni 200-500 grammga tushirish lozim deb hisoblaydi.
Avvalroq O‘zbekiston fermerlar kengashi va liberal-demokratik partiya raisi Aktam Hayitov ham «Juda ko‘p go‘sht yemoqdamiz» degan da’vosi ortidan internet yulduziga aylangan edi.
«Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar? To‘g‘ri, ozuqa yetishmasligi birinchi sabab, ikkinchidan, bugun biz juda ko‘p go‘sht iste’mol qilyapmiz. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti», – degan edi A.Hayitov 2019 yilning sentyabrida.
Jamoatchilikning keskin e’tirozi sabab siyosiy arbob keyinroq bayonotiga batafsil izoh berishga majbur bo‘lgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter