Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ko‘nikish» kasali

«Ko‘nikish» kasali

Foto: «Scoop.it»

Seriallar haqida yozish urf bo‘ldi. Qo‘liga qalam ushlagan borki, shu mavzuni bir ezg‘ilab o‘tadi. Munozaralarda ham shu masala o‘rtaga qo‘yildi. Kimdir sho‘rlik qahramonlarning yonini olsa, kimdir bo‘ralab... Ha mayli.

Bularning dastidan odam hatto televizorni yoqishga ham istihola qilib qoldi. Shu desangiz, uyimizda hamma turk seriallarining ishqibozi. Ularning qiziqarli ekanligidan ovqatning ozgina tagiga olgani ham bilinmaydi. Nigohlar ekranga qaratilgan. Men ham ba’zan qatordan qolmay deb televizorga qarab qo‘yaman. Goh sho‘rlik bosh qahramonni mashina urib ketib, tirik qoladi, goh yana bittasining avtomobili portlab ketsa ham tagidan bus-butun chiqadi. Joni temirdanmi deymanu kulib qo‘yaman.

Shu desangiz, oxirgi vaqtlarda bularning ham qilig‘i chiqib qoldi. Shunday bir aybki, matbuot, radio, internet nashrlari ham tanqid qilib, ta’sir etmaganidan jizg‘anagi chiqib yotibdi. Nima emish, ikkita «ijobiy» qahramon oilasi bo‘lib turib, bir-birini «sevarkan», yana biri otasiga qo‘l ko‘tarib qahramon bo‘libdi. Akasining dushmanini sevib, yana nechta yigitlarning «sho‘rini quritgan» anavi singil haqida aytmay qo‘yaqolay...

Xorij endi xorij, o‘zimiznikilarning gapiga kallang qotadi. «Yursa yuribdi-da! Buniyam eplagan qiladi, sevgan qiladi. Namuncha qadimchi bo‘lmasangiz!» deya urishdi yon qo‘shnim. Bu, mayli, bir begona desam, o‘zimdan chiqqan balo — o‘n olti yoshli jiyanim «Siz hamma narsani qora rangda ko‘rasiz. “Sevgi iztirobi” yaxshi serial, ularnikidek muhabbat har kimga ham nasib qilmaydi» deb e’tiroz bildirib qolsa deng! Ana qiyomat!

Xo‘sh, turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilmasdan, bir umr unga sadoqatli bo‘lish, ardoqlash muhabbat emasmi, jiyanjon?! Ertaga o‘zimizning hayotimizda shunaqa muammo chiqsa ham boshimizni egib yuraveramizmi? Xavotir oshishi tabiiy, seriallardagi voqealar rivoji odamlarning etini o‘ldirib qo‘ymoqda, avval xiyonat haqida gapirishga istihola qilganlar ham bugun baralla gapirmoqda. Avval bir oila buzilganini eshitsak, ko‘z oldimiz qorog‘ilashib ketardi, bugun pista chaqib, bemalol eshitmoqdamiz. Hammasi shundan boshlanmasmikin?! Shu ko‘ngilsizliklarning ko‘pchiligiga o‘sha «telba sevgi» sabab bo‘lmayaptimi?

Bir xorij kinosidan epizod: kunlarning birida o‘n yildan beri eri bilan farog‘atli turmush kechirayotgan ayol nogahon o‘zidan bir necha yosh kichkina yigitchani «sevib qoladi» va kiprik qoqmay buni eriga aytib, ajrashish haqida ariza berishini ma’lum qiladi. Erkakning ham rashki kelmaydi. O‘rtadagi sakkiz yashar bolakay esa...

Homerning mashhur «Iliada» dostonida Sparta malikasi, sohibjamol Yelena Troya shahzodasini «sevib qolib», u bilan qochadi, bundan g‘azablangan yunonlar urush olovini yoqadilar. Ikki kaltafahmning ishq o‘yini natijasida yuz minglab askarlar urush girdobiga tortiladi, bosqinchi shohlarga bahona tug‘iladi, o‘rtada Axilles, Yektor kabi asl pahlavonlar halok bo‘ladi. Lekin anavi ikkovi tirik qoladi. Charxi kajraftor deb shuni aytsalar kerak...

Eng yomoni, yoshlarimiz shu kabi qahramonlarning sevgisiga havas qilmoqda. Ularni xayolan suyib, hamdard bo‘lib yashamoqdalar.

Xullas, uyimizning to‘ridan joy egallagan muhtaram televizorimizning bu «karomatlari»ga ko‘nib bormoqdamiz. Muhabbat libosiga o‘ralgan xiyonat, loqaydlikni qanday qabul qilish mumkin? Bir kun kelib, mana shu kichik e’tiborsizlik kimningdir hayotida katta ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lmasmikan?

Ulug‘bek Oripov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring