Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘ngling Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin!

Ko‘ngling Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin!

Foto: «Myday.uz»

Kechga yaqin eshikning taqillashidan sergak tortaman.

— Kim u? — so‘rayman ohista.

Tashqaridan bir nechta bolalarning ovozi eshitaladi:

— Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga...

Ko‘nglim yayrab ketadi va turli xil shirinliklarni olib, eshikni ochaman. Yana bolalar jo‘r bo‘lishadi:

— Assalomu alaykum, bizlar keldik,
Payg‘ambar yo‘lini izlab keldik.
Payg‘ambar yurtiga keladi ro‘za,
Ro‘zaning savobi tegadi sizga.
Oq tanga, ko‘k tanga,
Chiqarib bering, jon yanga.
Yangajonim yashasin,
Baxmal ko‘rpa tashlasin.
Har kun bozor borganda,
Yuz so‘m, yuz so‘m tashlasin,
Yo, ramazon...

Ularning qo‘llariga shirinliklar tutqazaman. Bolalar ortlariga qaytishadi. Quvonib uyga kiraman. Har yili bir oy davomida takrorlanadigan bu urf-odat, nafaqat, eshik qoqib kelgan kishiga, balki eshik ochgan kishiga ham orom bag‘ishlaydi. Shuning uchun ham bu oyni poklanish oyi, deb bejiz aytishmagan.

Bir paytlar bizlar ham bolaligimizda Ramazon aytib, xonadonlarga yaxshi tilaklar bildirib, darvozalarni qoqardik. Lekin bilmas edik, ro‘za nimaligini. Keksalardan so‘rasak, «Ro‘za tutgan kishi ovqat yemaydi, haqoratli so‘zlarni so‘zlab, yomon ishlarni qilmaydi», - deya javob berishardi. Baribir, tushunmas edik. «Ovqat yemasa, qanday yashaydi?» — der edik yana. Ular esa: «Hammasini katta bo‘lsangizlar, tushunib yetasizlar» - derdilar.

— Qishlog‘imizdan kim ro‘za tutgan, oyi? — so‘radim.

— Rahmon buvi, — javob berdilar oyim momoni katta o‘g‘lining nomi bilan atab.

— Bechora, och qolsalar kerak, yashirincha yesalar-chi?

— Bu Xudoga xush kelmaydi, faqat tong sahardayu yulduz ko‘ringanda yeyish kerak, bu sog‘liqqa ham yaxshi.

— Unda hammaga aytish kerak, Rahmon buvidek ro‘za tutishsin.

— Ovozingni baland chiqarma, birov eshitsa, Rahmon buvini xafa qiladi, — dedilar qo‘rqa-pisa oyim.

— Nega, oyi?! — yana hayron bo‘lib so‘rayman.

— Katta bo‘lsang, tushunarsan – bu eskilik sarqitimish...

«Qachon katta bo‘larkanman-a?» — xayolga cho‘mardim. Yo‘q, bizlar hech kimga aytmasak ham «kattakon»lar eshitib, Rahmon buvini ro‘za tutgani uchun mahalla majlisida rosa «tuzalashibdi». Bechora Rahmon buvining yig‘inlardan munkillab qaytganlari hali ham ko‘z o‘ngimda. Bir qo‘llarida hassa, biz yonlarida yetaklashib keldik...

***

Oradan oylar, yillar o‘tdi. Bizlar ham katta bo‘lib qoldik. Nimalarnidir tushundik, nimalarnidir yo‘q. Bugungi kunlarni ko‘rmay, jon hovuchlab, ro‘za tutgan Rahmon buvidek momolarni eslasam, yuragim allanechuk bo‘lib ketadi. Hozir kim xohlasa, o‘sha ro‘za tutadi. Bu bilan Olloh oldidagi farzini ado etadi, poklanadi, tozaradi. Yana elga osh berib, iftor qiladi.

Kimo‘zargalashib borayotgan iftorlik

U aslida, ro‘za tutmaganlarning imkoniyat darajasida ro‘zadorlarga Ramazon oyining savobi uchun yozgan dasturxoni ekan.

Kuni kecha qishloqqa borsam, el qatori biznikilar ham iftor boshlab qo‘yishibdi.

— Hormanglar endi, to‘y ustidan chiqib qolganga o‘xshayman, — deyman atayin ko‘makka chiqqan hamqishloqlarimga.

— To‘yga yetkazsin,-deydilar opam kulib, — bu kecha iftor, ro‘zadorlar kelishadi.

— Xush kelishsin! — deyman men ham.

Turli xil ovqatlaru, xilma-xil pishiriqlar, meva-cheva... hovlining besh-oltita xonasiga dasturxon tortilgan. Xudoyimning yetkazganiga shukur. Dasturxonlar «liq» to‘la. Bo‘sh joyning o‘zi yo‘q...

— Eh-he-ye-ye, — og‘zimning suvi qochib so‘rayman, — opa, ko‘pchilik keladimi?

— Ha, yigirmatacha ro‘zador, — deydi opam.

Dasturxonlar esa 50-60 yishiga mo‘ljallangan. Sababini so‘rayman.

— Haliyam savol berishing qolmadi-qolmadi-da. Mahalladagi boshqalar-chi, ularni ham chaqirmasak, xafa bo‘lishadi-da! — deydi opam yana ishga sho‘ng‘ib.

Ha, aytganlaridek bo‘ldi. Yigirmatacha ro‘zadorlar kelishdi, qolganlari esa hamqishloqlar.

Yana ayollar so‘z qotishadi:

— Falonchi iftordan so‘ng ikki-uch kun ovqat pishirmabdi. Qish-qirovli kunlarda ularga bosh kiyim yo‘q, deb qo‘ni-qo‘shnilardan qarz so‘rab yurgandi,— deydi biri.

— E-e, hozir birov birovga qarz beradigan zamonmidi? — dedi boshqasi.

Afsuski, shu dasturxonlarda qolib ketayotgan ne’matlar, aslida, bolalarning yetishmagan kiyim-kechagi ekanligini tan olgilari kelmaydi. Bir nima demoqchi bo‘lamanu, og‘iz juftlashga yurak dov bermaydi. Sekingina akamdan so‘rayman:

— Aka, imkoniyati yetmaganlar ham iftor qilishi zarurmi? Axir gadoga ham o‘zingdan orttirolmay, pul bersang, Xudoga xush kelmaydi, deydilar.

— Iftorni hozir kimo‘zarga aylantirib yuborishayapti. Kecha bir iftorda bo‘lgan edi, - so‘zlaydi akam, - ozgina sharoiti kelmay qolibdimi, ikkinchi ovqatga ko‘k chuchvara tortibdi. Bir-ikkita so‘zamollar buni aybga buyurishdi. Axir ovqatning katta-kichigi bo‘larkanmi?

«Dilba yoru dastba kor», ya’ni «Ko‘ngling Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin», — deganlaridek har bir ishga chuqur mulohaza bilan yondoshilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Menimcha, ko‘nglida Ollohni tuggan har bir bandayi ojizning firku zikri unga qadalmog‘i lozim: ovqatning turi yoki kishining kimligiga qarab emas. Shu o‘rinda bir rivoyatni keltirmoqni joiz topdik.

Rivoyat

Bir shayx bo‘lib, u hech qachon namozini kanda qilmay, uni har doim o‘z vaqtida ado etar ekan. Kunlarning birida u peshin namozini cho‘lda o‘qishiga to‘g‘ri kelib qolibdi. Tuyadan tushib, belbog‘ini tashlabdi-da, namoz o‘qiy boshlabdi. Shunda ishq dardiga mubtalo bo‘lgan Majnun shayxni ko‘rmay, uni oldidan kesib o‘tibdi. Jahli chiqqan shayx o‘sha ondayoq namozini qo‘yib, Majnunning yoqasidan ushlab, unga baqiribdi:

— Nima balo, ko‘rmisan, men namoz o‘qiyapman-ku, sen oldimdan kesib o‘tasan,-debdi.

— Uzr, ko‘rmay qolibman, — debdi Majnun o‘yga tolib.

— Xo‘p. Meni-ku, ko‘rmabsan, manavi tuyani-chi, a?!

— Yo‘q, ko‘rmadim! — debdi majnun va shayxga savol beribdi, — siz namoz o‘qiyotgan edingizmi?

— Ha!

— Unda meni qanday ko‘rdingiz?

— Oldimdan o‘tasan-u, ko‘rmaymanmi?!

— Axir namoz o‘qiydigan kishining ko‘ngliyu nigohida faqatgina Olloh bo‘lishi kerak. Unga sig‘inib turib, meni ko‘rgan ekansiz, demak, namozni shunchaki yo‘l-yo‘lakay o‘qiyotgan ekansiz-da, — debdi majnun.

Shayx majnunning gapidan uyalib, tavbaga bosh egibdi.

Ha, bunga xulosa yozmasak ham o‘zingiz mulohaza qila olasiz.

Bugungi kunda har bir ishni qildan qiyiq yorgandek bajarilmasa, ahvol bir holatda qolaveradi. Shunday ekan, joylarda mahalla oqsoqollari, imom-xatiblari bu haqda jiddiy o‘ylab, aholi bilan mashvaratlar o‘tkazib turishsa, yaxshi bo‘lardi.

Bu muborak Ramazon oyining har bir kuni diliga Xudoni tutgan, unga sidqidildan iymon keltirgan ro‘zadorlar uchun savodat kalitini olib kelsin. Inshoolloh, poklanish oyining savobi va inoyati barchaga taqdim bo‘lgay!

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring