Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Komil Aripov: «Aslida Samarqandda «sammitlar sammiti» bo‘lib o‘tadi»

Komil Aripov: «Aslida Samarqandda «sammitlar sammiti» bo‘lib o‘tadi»

Bugungi kunda dunyo mamlakatlarining e’tibori Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitiga qaratilgan. Hatto, bu uchrashuv Ukraina mavzusini birmuncha vaqt chekkaga surib qo‘ydi. O‘zi bu sammitdan nima kutsa bo‘ladi? Unda muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan mavzular nima? Xabar.uz muxbiri shu savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim mudiri Komil Aripov bilan suhbatlashdi.

Ayrim xorij matbuoti bu tashkilotni G‘arbga qarshi yaratilgan, deb talqin qilmoqda. Bu haqiqatan ham rostmi?

– Bunday emas, ShHT o‘zaro hamkorlikka ochiq tashkilot bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Tashkilotga 8 ta davlat a’zo, 4 ta davlat kuzatuvchi maqomiga ega, 9 tasi muloqot bo‘yicha hamkor, uning faoliyatida ishtirok etish uchun bir qator yangi arizalar ko‘rib chiqilmoqda.

ShHT «Shanxay ruhi»ga muvofiq keng ko‘lamli muloqot olib boradi, shuningdek, turli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. ShHT 2004 yilda BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomini olgan.

ShHTning nizomga ko‘ra, uning asosiy maqsadi a’zo davlatlarning har tomonlama rivojlanishi va konstruktiv hamkorligiga ko‘maklashish, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni birgalikda ta’minlash va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Xuddi shu hujjatlarga ko‘ra, ShHTga a’zo davlatlar ushbu faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlilik, a’zo davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlar va mintaqalarga qarshi yo‘naltirmaslik tamoyillariga amal qiladi.

ShHT eng muhim xalqaro va mintaqaviy muammolarni blok siyosati, mafkuralashtirish va qarama-qarshi fikrlash orqali hal qilishga qarshi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Ming yaqinda bergan intervyusida bu haqda gapirdi:

«Biz har doim «Shanxay ruhi» va ShHT Nizomining asosiy maqsadlariga qat’iy amal qilishimiz, bloklarga qo‘shilmaslik, hech qanday uchinchi tomonlarga qarshi harakat qilmaslik kabi asosiy tamoyillarga qat’iy amal qilishimiz kerak. Tashkilotning hamjihatligini mustahkam saqlash va hamkorlikni rivojlantirishga intilish zarur».

O‘zbekiston rasmiylari bu tashkilotni qo‘llab-quvvatlab, uni universal deb aytishdi. Ushbu tashkilotning universalligi nimada?

– ShHTning asosiy vazifalari siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy sohalarda, shuningdek, ta’lim, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarda ko‘p tarmoqli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat va mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash. Bu hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarning ko‘p tarmoqli xususiyati, bu tashkilotning universalligini ko‘rsatadi.

Ammo ShHTning asosiy jozibadorligi iqtisodiy, harbiy rivojlanish darajasidan yoki erishilgan xalqaro obro‘-e’tiboridan qat’i nazar, uning a’zolarining teng huquqliligidir. Yuqorida aytganimdek, ShHT Nizomida tashkilot qarorlari konsensus asosida qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Sammit davomida muzokaralar stolida qanday masalalar keltirilishi mumkin?

– 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ShHTning Samarqand sammitida tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari so‘nggi 3 yilda ilk bor yuzma-yuz formatda yig‘ilishadi. Oliy darajadagi uchrashuvda ikki tomonlama, global va mintaqaviy xarakterdagi to‘planib qolgan muammolar har tomonlama muhokama qilinadi. Buning uchun kengaytirilgan va tor doiradagi sammit, ShHTga a’zo davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlarining ikki va uch tomonlama, jumladan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Belarus, Hindiston prezidentlari ishtirokida uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Saudiya Arabistoni Podshohligi, Qatar, Misr davlatlarining yuqori martabali vakillari hamda MDH va qator mintaqaviy tashkilotlar Bosh kotiblari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari. Ko‘lami va formati shu qadar misli ko‘rilmaganki, aslida Samarqandda «sammitlar sammiti» bo‘lib o‘tadi.

Sammitda O‘zbekistonning ShHTga raisligi yakunlari sarhisob qilinadi. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq alohida sharoitlar va dunyoning yaqin mintaqalaridagi murakkab vaziyatga qaramay, O‘zbekiston raisligi davrida barcha muhim yo‘nalishlar – siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ShHT doirasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda.

O‘zbekiston an’anaviy tarzda ShHTning iqtisodiy tarkibiy qismiga e’tiborni kuchaytirib, ichki savdo, transport va infratuzilma sohasidagi hamkorlik, sanoat innovatsiyalari va kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. 

80 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi. Ular nafaqat Toshkentda, balki respublikamiz viloyatlarida ham ) bo‘lib o‘tdi.. Shu tariqa, Nukus, Buxoro va Farg‘onada ShHT Milliy koordinatorlari kengashining yig‘ilishlari tashkil etildi. Xivada transport vazirlari yig‘ilishi (2022 yil, 12 may), Buxoroda kambag‘allikka bag‘ishlangan konferensiya (2022 yil 26-27 may) bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston tomonidan tashkil etilayotgan ko‘plab uchrashuv va muzokaralar nafaqat ShHT doirasida shakllangan hamkorlik yo‘nalishlarini, balki uning faoliyati doirasida yangi talab yo‘nalishlarini ham qamrab oladi. 2021 yil noyabr oyida tashkilot doirasida O‘zbekiston raisligida ilk bor axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, qashshoqlikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan vazirlar darajasidagi yig‘ilishlar o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan ShHT Davlat diplomatiyasi forumi (11-12 may), Turizm forumi (20 may), An’anaviy tibbiyot forumi (7 iyun), yosh iste’dodlar o‘rtasida startap loyihalar tanlovi kabi tadbirlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston bir yil ichida ShHTning 37 ta hujjatini uyg‘unlashtirish jarayonini boshlash, muvofiqlashtirish va yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu ham ushbu tashkilot tarixidagi o‘ziga xos ko‘rsatkichdir. Qolaversa, ushbu hujjatlarning 30 tasi O‘zbekiston tashabbusi bilan, aksariyat hollarda shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, ular konseptual, strategik muhim va amaliy xarakterga ega.

Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammitida iqtisodiy yo‘nalishda, shuningdek, tashkilot salohiyatini oshirishga qaratilgan qator yangi tashabbus va takliflar bilan chiqishi kutilmoqda.

Shunday qilib, Samarqand sammitida Eron tomonidan ShHTga a’zolik maqomini olish imkoniyatini beruvchi majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni bilan muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish bo‘yicha memorandumlar imzolanadi.

Bahrayn va Maldiv orollarining hamkor maqomini olish uchun arizalari ma’qullanishi kutilmoqda.

Sammit doirasida bir qator muhim qarorlar imzolanishi rejalashtirilgan. ShHTning hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan 30 ta muvofiqlashtirilgan hujjat allaqachon tayyorlandi.

Sammitning asosiy yakuniy hujjati Samarqand deklaratsiyasi bo‘lib, unda ShHT davlatlarining mintaqaviy va global muammolarni hal qilishda tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha umumiy yondashuvlari aks ettiriladi.

Sammitda Tolibon ham ishtirok etadimi?

– Sammitda Tolibon harakati vakillarining ishtiroki ta’minlanmagan. Afg‘oniston ShHTda kuzatuvchi davlat bo‘lsada, Afg‘oniston Islom Amirligi hukumati va davlatning o‘zi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan. Shu sababli, tashkilotning ayrim a’zolari Tolibon hukumatining ShHT yig‘ilishida ishtirok etishini kulab kuvvatlamadi.

Sardor Ali suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring