Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kolbasa mahsulotlari kuydirgi kasalligiga sabab bo‘lyaptimi? Vazirlik oydinlik kiritdi

Kolbasa mahsulotlari kuydirgi kasalligiga sabab bo‘lyaptimi? Vazirlik oydinlik kiritdi

Toshkentda qassobchilik bilan shug‘ullangan fuqaroning kuydirgi kasalligidan o‘lganligi va ushbu kasallik bilan zararlangan go‘sht Toshkent shahridagi kolbasa ishlab chiqarish sexlariga tarqatilgani, kolbasa va sosiska mahsulotlarini iste’mol qilmaslik lozimligi haqidagi audiomurojaat tarqaldi.  Sog‘liqni saqlash vazirligi audioni  atroflicha o‘rganilib, quyidagilarni ma’lum qildi:

«Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi oylarda vazirlik tasarrufidagi shifoxonalarga kuydirgi kasalligi alomatlari bilan aholi tomonidan hech qanday murojaatlar bo‘lmagan va o‘lim holati umuman qayd etilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovning qayd etishicha, kuydirgi kasalligini tashqi muhitda (tuproqda) o‘ta chidamli bo‘lgan bakteriya qo‘zg‘atadi. Ushbu kasallik, asosan, terida ochiq yaralari bo‘lgan inson tomonidan kasallangan chorva mollarini so‘yish jarayonida yuqishi mumkin. Kasallik odamlarda asosan terida yara shaklida, hayvonlarda esa septik shaklda uchraydi. Mazkur kasallik hayvonlardan odamlarga yuqadi, kasal odamdan sog‘lom odamga yuqmaydi.

Qolaversa, yuqori darajadagi haroratda ishlov berilgan barcha oziq-ovqat mahsulotlarida kuydirgi kasalligi mikroblari nobud bo‘lib, kasallik keltirib chiqarish xususiyati yo‘qoladi. Ya’ni kolbasa va sosiska mahsulotlari tayyorlanish jarayonida kuchli termik ishlovdan o‘tkazilishi natijasida go‘sht mahsulotidagi barcha turdagi mikroblar, jumladan, kuydirgi qo‘zg‘atuvchilari ham nobud bo‘ladi. Shu bois ham kolbasa mahsulotlari kuydirgi kasalligini keltirib chiqarmaydi.

Aholidan bu kabi asoslanmagan xabarlarga, turli mish-mishlarga ishonmasliklarini, bu borada umuman xavotirga o‘rin yo‘q ekanligini ta’kidlamoqchimiz».

Bir necha kun avval esa pishiriq mahsulotlari ichidan tabletkalar chiqib, ular falajlikka sabab bo‘layotgani xabar qilingan, vazirlik bu mish-mishlarning ham asossizligini ta’kidlagan edi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring