Kobul 2030-yilda ichimlik suvidan butunlay mahrum bo‘lish xavfi ostida

Afg‘oniston poytaxti Kobul 2030-yilda ichimlik suvidan butunlay mahrum bo‘lish xavfi ostida — bu haqda Mercy Corps xalqaro insonparvarlik tashkiloti hisobotiga asoslanib The Guardian gazetasi yozmoqda.
Mutaxassislarning xulosalariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklarda Kobulda yer osti suvlari sathi 30 metrga pastlab ketgan. Bu shiddatli urbanizatsiya (shaharlashish) va iqlim o‘zgarishlarining oqibati. Shahardagi quduqlarning deyarli yarmi qurigan, suv iste’moli hajmi suv zaxiralarining tabiiy to‘planish tezligidan yuqori — yillik taqchillik 44 million kub metrgacha yetgan.
Ahvol o‘zgarmas ekan, shahar va uning atrofida yashovchi 7 million kishining taqdiri xavf ostida qoladi. Mercy Corps tashkilotining Afg‘oniston bo‘yicha direktori Den Karri aytishicha, suv yetishmasligi aholining majburiy ko‘chishiga olib keladi, xalqaro hamjamiyat ko‘magining yo‘qligi migratsiya muammolari va ijtimoiy mashaqqatlarni yanada chuqurlashtiradi.
Suv nafaqat taqchil, sifati ham juda yomon: yer osti suv zaxiralarining qariyb 80 foizi kanalizatsiya chiqindilari, tuz, margimush bilan ifloslangan. Odamlar toza suv sotib olishga majbur, oilalar budjetining uchdan bir qismigacha shunga ketmoqda. Ayrim oilalarning kommunal qarzlari jiddiy moliyaviy muammoga aylangan.
Ma’lumot uchun: Kobul shahri Kobul daryosi bo‘yida joylashgan, aholisi 4 milliondan ziyod. Ayrim manbalarga ko‘ra, Kobul «gullagan sohillar o‘rtasida oquvchi daryo» degan ma’noni anglatadi. Ko‘plab taxminlar qatorida, shaharning nomi shu gidronimdan olingani ham aytiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter