Klublar o‘rtasida jahon chempionati: o‘yinlar sanasi, kim — kimga qarshi
Futbol bo‘yicha Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Chempionatda olti jamoa qatnashadi.
Turnirga 2021-yilning fevralida Qatar mezbonlik qiladi.
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida aslida yetti jamoa ishtirok etishi kerak edi — qit’a chempionlari va mezbon sifatida Qatarning «Al-Duhayl» jamoasi.
Turnir nizomiga ko‘ra, «Al-Duhayl» 1/8 finalda «Oklend» (Yangi Zelandiya)ga qarshi to‘p surishi belgilangandi. Biroq yangi zelandiyaliklar turnirda qatnashishdan bosh tortishdi. Shu bois musobaqa chorak finaldan boshlanadigan bo‘ldi. Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi «Bavariya» hamda Libertadores kubogi sohibi esa yarimfinaldan turnirga qo‘shiladi.
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati chorak finali juftliklari (o‘yinlar 4-fevral kuni o‘tkaziladi):
- «Tigres» (Meksika) — «Ulsan» (Janubiy Koreya)
- «Al-Duhayl» (Qatar) — «Al-Ahli» (Misr)
Dastlabki o‘yin g‘olibi yarimfinalda (7-fevral) Libertadores kubogi g‘olibi bilan uchrashadi (Kubok sohibi 30-yanvar kuni Braziliyaning «Palmeyras» va «Santos» klublari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng aniq bo‘ladi). Ikkinchi o‘yin g‘olibi esa yarimfinalda (8-fevral) «Bavariya» (Germaniya)ga qarshi to‘p suradi.
Final hamda 3-o‘rin uchun bahslar 11-fevralga belgilangan.
Barcha o‘yinlar Qatardagi 2022-yilgi Jahon chempionatiga mo‘ljallangan stadionlarda bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter