«Kitobxon o‘qituvchi» tanlovi bugungi davr uchun muhimmi?
Yil boshida Xalq ta’limi vazirligi ko‘pchilik kutgan tashabbus bilan chiqqan edi. Unga ko‘ra, maktablarda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar o‘rtasida «Kitobxon o‘qituvchi» tanlovini o‘tkazish bugungi davr uchun muhim va to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Hozirda tanlovning mahalliy bosqichlari yakunlanib, hududiy bosqichlar boshlanish arafasida turibdi.
Tanlov haqida Xalq ta’limi vazirligi Maktabdan tashqari ta’lim, sport va turizmni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Aminov shunday deydi:
- Nizomga ko‘ra, «Kitobxon o‘qituvchi» tanlovi 3 ta shart asosida o‘tkazilmoqda. 1-shart tanishtiruv shaklida bo‘lib, o‘qituvchi faoliyat yuritayotgan maktabida kitobxonlik madaniyati qay darajada yo‘lga qo‘yilgani va kitobxonlar uchun qanday sharoitlar yaratilgani haqida ma’lumot beradi. 2-shart esa «Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘qituvchi viktorinasi» deb nomlanib, Nizomda belgilangan 90 ta o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan tuzilgan savollarga ishtirokchilar tomonidan javob beriladi. 3-shart «Kitobxonlikni targ‘ib qilishda o‘qituvchining roli” deb nomlanib, o‘qituvchi ta’lim muassasasida kitobxonlikni shakllantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqan holda loyihasini prezentatsiya ko‘rinishida taqdim qiladi.
Afsuski, nizom bilan tanishish jarayonida «Kitobxon o‘qituvchi» tanlovi hududiy bosqichgacha davom etishi haqida o‘qidik. Bizning nazarimizda, mazkur tanlovni Respublika bosqichigacha olib chiqib, maktab o‘qituvchilari o‘rtasida ommalashtirish zarur edi. Nega deganda, bu tanlov o‘qituvchi uchun ham, o‘quvchi uchun ham juda kerak.
«Yosh kitobxon»larni «Kitobxon o‘qituvchi»lar tarbiyalaydi
Tan olish kerakki, bugun «Yosh kitobxon» tanlovi ko‘plab o‘quvchilarning dunyoqarashiga ta’sir qilgani aniq. Kitobxon ishtirokchilar asardan olgan xulosalarini ustozlari bilan bo‘lishgisi, munozara qilgisi keladi. Agar o‘qituvchi u kitobni o‘qimagan bo‘lsa-chi?.. Mana muammo qayerda? «Kitobxon o‘qituvchi» tanlovi nafaqat o‘qituvchini bilim darajasini oshirish, balki kitobxon o‘quvchilarni tarbiyalash, ularga badiiy asarni tahlil qilish yo‘llarini o‘rgatish uchun kerak bo‘ladigan jarayon.
Nizomga ko‘ra, «Kitobxon o‘qituvchi» tanlovi uchun o‘qilishi kerak bo‘lgan badiiy asarlarning aksariyati «Yosh kitobxon» tanlovi ishtirokchilariga belgilangan kitoblar ro‘yxati bilan bir xilligining guvohi bo‘ldik. Bu ayni muddao, albatta. Chunki mazkur tanlovlar «ustoz-shogird» an’anasi davom etishiga sabab bo‘ladi. O‘qituvchi va o‘quvchi birgalikda kitob o‘qiydi. Ustoz asarni tahlil qilishda qaysi jihatlarga e’tibor berish kerakligi, uning syujeti, g‘oyasi, kulminatsiyasi, bugungi kundagi ahamiyati haqida bemalol tushuntirish bera oladi. Bu holat o‘quvchiga qanday motivatsiya berishini bir tasavvur qiling!
«Yosh kitobxon» tanlovining Respublika bosqichi ishtirokchisi nima deydi?
- O‘tgan yili tanlovning Respublika bosqichida menga Janni Rodarining «Rim ertaklari» asari tushib qoldi. Men esa javob berolmadim. Chunki bu kitobni hech qayerdan topolmagan edim. O‘shanda ustozlarimdan juda-juda xafa bo‘lgandim. Hech bo‘lmasa, mazmunini so‘zlab beringlar deb yalinib borganimda, ular «Rim ertaklari»ni o‘qish tugul bunday kitob borligi haqida xabari yo‘qligini aytishgandi. Respublikada g‘olib bo‘lolmaganim bu mening aybim, bilimsizligimni o‘qituvchilarimdan ko‘rganim yo‘q. Aslo. Shunchaki tanlovning viloyat bosqichida 1-o‘rinni olib, Respublikaga chiqqan o‘quvchisiga ko‘mak beradigan, badiiy asarlar yuzasidan fikrlar almashadigan, asarning mag‘zini chaqishni o‘rgatadigan juda ko‘o‘o‘p kitoblar o‘qigan ustozim bo‘lishini xohlaganman, o‘shanda, - deydi Ruxshona Abdurazzoqova.
Albatta, kitobxon o‘qituvchi va kitobxon o‘quvchilar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni amalga oshirish, ta’limda sifat o‘zgarishiga erishishda asosiy kuch hisoblanadi.
Shuning uchun Xalq ta’limi vazirligidan «Kitobxon o‘qituvchi» tanlovining qamrovini kengaytirgan holda Respublika miqyosida o‘tkazishni taklif sifatida qabul qilishini xohlagan bo‘lardik.
Chunki «Yosh kitobxon»larni «Kitobxon o‘qituvchi»largina tarbiyalay oladi.
Go‘zal Oxunova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter