Kitob bolalarga hissiyotlarini jilovlashni o‘rgatadi

Daniyada bir sinf xonasida bolalar doira bo‘lib o‘tirishibti. Bugun ular uchun odatiy dars – hissiyotlar(empatiya) darsi. O‘qituvchi savol beradi: «Oxirgi marta qachon jahling chiqqan edi? O‘shanda nimalarni his qilding?» Bolalar navbat bilan hikoya qiladilar — kimdir ukasiga jahli chiqqan, kimdir o‘yinda yutqazib hafa bo‘lgan, yana kimdir do‘sti bilan urishib yig‘lagan. O‘qituvchi ularning his-tuyg‘ularini muhokama qiladi, ularni tushunishga va boshqarishga yordam beradi.
Bunday darslarning maqsadi oddiy: bolalarni o‘z hissiyotlarini anglashga, boshqalarni tushunishga va jamiyatda ijtimoiy uyg‘unlik yaratishga o‘rgatish.
Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘z hissiyotlarini tushunib, boshqara oladigan insonlar ruhiy jihatdan mustahkamroq bo‘ladilar, kuchli munosabatlar qura oladilar va hatto bilim olishda muvaffaqiyatliroq bo‘lishadi.
Bizda maktabda bunday alohida fan yo‘q. Lekin bu haqida umuman gaplashib bo‘lmaydi degani emas.
Kitob o‘qish va adabiyot darslari hissiyotlarni tushunish uchun ajoyib imkoniyat! Har bir hikoya aslida his-tuyg‘ularga boy. Qahramon nega shunday yo‘l tutdi? O‘sha paytda u nimani his qildi? Agar sen uning o‘rnida bo‘lsang, qanday o‘zingni his qilarding? Nega unga achinyapsan? Shunday savollar bolalarga kitobni shunchaki o‘qish emas, uni his etishga, shu bilan o‘z hissiyotlarini o‘rganishga imkon beradi.
Har bir o‘qituvchi, har bir ota-ona bu «Daniya usuli»ni kitob mutolaasiga olib kira oladi.
Psixologlarning aytishicha, hadik xuruji, vahima, stress kabi holatlarning ko‘payishi ham ana shunday hissiyotlarimizni tushunmaganligimizdandir.... Bolalikdan hissiyotlarni tushunishni bolaga o‘rgatish har bir pedagog yoki ota-onaning qo‘lida. Bunga esa eng katta yordamchi kitob o‘qish, adabiyotga qiziqtirish. Kattalar bolalarning o‘z hissiyotlarini anglashlari uchun ham kichkintoylar bilan kitob o‘qishni odatga aylantirishi kerak.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter