Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kim deputat bo‘lgani ma’qul?

Kim deputat bo‘lgani ma’qul?

Foto:«Xabar.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Umirzoqovning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilingan deputatlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgan blogerlar haqidagi fikrlari bugun ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi. Shu bois Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 10 yil faoliyat yuritgan sobiq deputat, jurnalist va yurist sifatida mazkur masala yuzasidan ayrim fikrlarim bilan o‘rtoqlashishni lozim topdim.

To‘g‘risi, mamlakatimizda professional parlament tizimiga o‘tgan (2005-yil) Oliy Majlis quyi palatasining ilk deputatlari safida bo‘lganimdan hamisha g‘ururlanaman. O‘shanda Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning aksariyati iqtisodchilar va yuristlar bo‘lgan. Bankirlar, shifokorlar, o‘qituvchilar... fermerlar ham ko‘pchilik edi. Jurnalistlar esa... bir qo‘lning barmoqlaridan ham kam edi. Hozir ham shunday.

Ma’lumki, O‘zbekiston parlamenti – Oliy Majlis oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organ bo‘lib, uning quyi– Qonunchilik palatasiga joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda 150 nafar deputatlarining barchasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyalilik asosida, umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar. Bu huquqqa 25 yoshga to‘lgan hamda kamida 5 yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egaki, buni eslashdan maqsad, Qonunchilik palatasi keng, ko‘pqirrali vakolatlarga ega. Ya’ni qonunchilik, davlat boshqaruvining muhim masalalarini ko‘rib chiqishda va hal etishda ishtirok etadi, davlat budjetini tasdiqlaydi, parlament nazoratini amalga oshiradi hamda qator davlat organlarini shakllantirishda qatnashadi.

Demak, parlamentda, ayniqsa, Qonunchilik palatasida turli soha va kasb vakillarining bo‘lishi hayotiy zaruriyatdir. Biroq...

2009-yili deputatlik vakolatimiz tugashiga sanoqli oylar qolganda taniqli fermer-deputatdan «Saylovga nomzodingizni qo‘yasizmi?» deb so‘radim. Tumanida katta obro‘-e’tiborga ega, kuchli partiyaning faol a’zosi va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilgan bu inson saylovda ishtirok etsa, albatta, yutib chiqishiga ishonardim. Ammo uning kutilmagan javobidan hanuzgacha hayratlanaman: «Har kim qo‘lidan kelgan ishini qilgani ma’qul, dedi u qat’iy ohangda. Mana, besh yil birga ishladik. Yoshim oltmishga yetgan bo‘lsa-da, ko‘p narsani o‘rgandim. Ammo shu davrda parlament ham, fermer xo‘jaligi ham mening misolimda ko‘p narsa yo‘qotdi. Deputatlarning besh yillik faoliyati haqidagi statistik ma’lumot bilan tanishib chiqdim. Mana, siz 4 ta qonun loyihasini muhokamaga olib chiqibsiz, 30 ta takliflaringiz qonunlarni qabul qilishda inobatga olinibdi. Bu zo‘r emas, ammo yomonmas. Ammo menda bu ko‘rsatkichlar «nol» turibdi. Albatta, bunda yetarlicha yuridik ma’lumotga ega bo‘lmaganim, qonunchilik texnikasidan xabardor emasligim va hokoza sabablar bor. Endi tasavvur qiling: agar fermer xo‘jaligimda bo‘lganimda, qancha ishlarni amalga oshirgan, davlatimizga, xalqimizga qancha nafim tekkan bo‘lardi?» Bu mard, olijanob insonga hurmatim behad oshdi.

Ta’kidlash joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ishi deputatlarining professional, doimiy faoliyatiga asoslanadi. Boshqacha aytganda, Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning, qoida tariqasida, haftasiga uch marta o‘tkaziladigan majlislaridir. Ya’ni Qonunchilik palatasi deputatligi bu kasb: har kuni ertalab ishga kelasan va qo‘mitada, fraksiyada, ishchi guruhlarda qonun loyihasi ustida ishlaysan, ishlayverasan... Aksariyat hollarda birgina norma ustida haftalab, oylab ishlashingga to‘g‘ri keladi. Yana haftalab, oylab Qonunchilik palatasi sessiyalarida moddama-modda muhokamalar chig‘irig‘idan o‘tkaziladi. Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasi matni bilan 3 o‘qishda muhokamalardan o‘tib, qabul qilingan qonun matnini solishtirib ko‘rsangiz fikrimning tasdig‘i, deputatlar faoliyatining samarasi yaqqol namoyon bo‘ladi.

To‘g‘ri, qabul qilingan qonunlarning barchasini hayotiy, sifatli, pishiq, puxta ishlangan, deb deb bo‘lmaydi. Buning sababi esa aynan deputatlarning bilimi, dunyoqarashi, tajribasi bilan bog‘liqki, Qonunchilik palatasida professional deputatlar faoliyat yuritishi lozimligini o‘z-o‘zidan ayonlashadi.

Xo‘sh, endi aytingchi, sizningcha, Qonunchilik palatasiga kimlar deputat bo‘lgani ma’qul? Ayrim xorijiy davlatlar parlamentlariga polulistlar va shoumenlarning o‘tib qolishi qanday oqibatlarga olib kelganidan xabaringiz bordir? Bundan kimga naf: xalqqami, davlatgami?

Bugun yangilanayotgan O‘zbekiston sharoitida, keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonida eng faol qatlam bu –blogerlardir. Shu bois ham Davlat rahbari ularga katta ishonch bildiryapti. Yaqinda ko‘hna Samarqad shahrida o‘tkazilgan «Sharq taronalari» festivali doirasida Prezidentimizning aynan blogerlar bilan uchrashgani va ularni doim qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlagani bejiz emas.

Haqiqatdan ham, bugun blogerlar jamiyat hayotida uchrayotgan neki nuqson va kamchiliklar bo‘lsa, beayov fosh etmoqda, tanqid qilmoqda. Shu yo‘l bilan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda. Jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga, davlat organlari va mansabdor shaxslarning hisobdorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu bugungi yangilanayotgan O‘zbekiston sharoitida juda muhim.

Shu boisdan ham, bugun ko‘pchilik blogerlarga hurmat va havas bilan qaramoqda. Ularning har bir chiqishini diqqat bilan kuzatmoqda. Ular orasida parlament vakillari ham ko‘pchilik ekanligiga ishonchim komil.

Endi o‘zingiz aytingchi, jamiyat taraqqiyoti uchun shunchalik ahamiyatli va muhim faoliyatni amalga oshirayotgan blogerlar parlamentda qonun ijodkorligidan ko‘ra, ayni yo‘nalishdagi faoliyat yuritishi foydaliroq emasmi? Ayniqsa, bugungi shaffoflashayotgan jamiyat, yangilanayotgan O‘zbekiston uchun.

 

 Olimjon O‘sarov,
filologiya fanlari nomzodi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring