Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kiyev mudofaasida jasorat ko‘rsatgan uchuvchi tushunarsiz xato oqibatida halok bo‘ldi

Kiyev mudofaasida jasorat ko‘rsatgan uchuvchi tushunarsiz xato oqibatida halok bo‘ldi

Ukrainaning Jitomir viloyati hududida mamlakat qurolli kuchlariga tegishli ikki samolyot o‘zaro to‘qnashib ketdi. Fojia oqibatida uch nafar uchuvchi, jumladan, «Juice» laqabi bilan tanilgan Andrey Pilshikov halok bo‘lgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy L-39 o‘quv-jangovar samolyotlarining to‘qnashuviga munosabat bildirar ekan, hodisa sabablari o‘rganilishini ta’kidlagan.

«Kecha (25 avgust nazarda tutilmoqda – tahr.) Jitomir osmonida fojia ro‘y berdi. Uch nafar uchuvchi halok bo‘ldi. Ular orasida «Juice» laqabli Andrey Pilshikov ham bor. Davlatimizga ko‘p, juda ko‘p ko‘mak bergan ukraina ofitseri (edi u)! Yigitlarning oila a’zolari va qadrdonlariga, ularni tanigan-bilgan barchaga hamdardlik bildiraman. Tekshiruv davom etmoqda. Tafsilotlar haqida gapirishga hali erta. Albatta, barcha holatlar aniqlanadi. Albatta, Ukrainaning ozod osmonini himoya qilgan hech bir (jangchi) unutilmaydi», – deya bayonot bergan Zelenskiy.

To‘qnashuvda mayorlar Vyacheslav Minka va Sergey Prokazin ham halok bo‘lgan.

Ukraina matbuotiga ko‘ra, mamlakat taktik aviatsiyasi 40-brigada uchuvchisi Andrey Pilshikov Rossiya bosqinining ilk kunlaridanoq Kiyev havo mudofaasida faol ishtirok etgan. 2022 yil may holatiga ko‘ra, uning MiG-29 uchog‘idagi jangovar parvozi 500 soatni tashkil etgan. 

Zelenskiy ma’muriyati ko‘pdan buyon G‘arb mamlakatlaridan jangovar qiruvchi samolyotlar so‘rab keladi.

Avval xabar berganimizdek, yaqinda Niderlandiya va Daniya Ukrainaga F-16 qiruvchi uchoqlarini berishga rozilik bildirdi.

Washington Post, Financial Times, CNN, Fox News, BBC kabi yetakchi ommaviy axborot vositalariga intervyu bergan Andrey Pilshikov G‘arb davlatlarini tezroq qiruvchi samolyot berishga chorlab kelgan.

F-16 uchoqlari esa Rossiya bosqiniga qarshi kurashda sezilarli burilish yasashi aytilmoqda. Ularni boshqarish uchun uchuvchilarni tayyorlash jarayoni boshlangan.

A.Pilshikovning do‘stlari u o‘zi orzu qilgandek F-16 da parvoz qilish ostonasida turgan paytda hayot bilan vidolashganini taassuf bilan qayd etgan. G‘arb davlatlari taqdim etadigan F-16 uchoqlaridan biri unga topshirilishi kutilayotgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring