«Kichik va o‘rta biznesga bu yil 120 trln so‘m resurs beriladi» – Prezident

Bugungi uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev soha uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy ekspertlar bilan katta dastur ishlab chiqildi. Bunga 2025 yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar ajratiladi.
«Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trillion so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmagan», – dedi davlat rahbari.
Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan 2,5 trillion so‘m yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi.
Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi.
«Uy-ro‘zg‘or va farzand tarbiyasidan ortib, tadbirkorlik bilan odamlarni ishli, daromadli qilayotgan ayollarimizga har qancha rahmat aytsak, arziydi», – dedi Prezident.
Bu yildan kichik biznesga 300 million so‘mgacha kredit berish boshlandi. Endilikda bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuni 150 million so‘mi garovsiz beriladi. Xuddi shunday, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
Mutasaddilarga oldingi kreditidan kechikkan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkonini yaratish topshirildi.
Yuqoridagi tashabbuslardan kutilayotgan natijalar, ya’ni 2025 yil uchun sohadagi asosiy maqsad va vazifalar quyidagilar ekani ta’kidlandi:
- kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish;
- yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;
- ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;
- 1,5 million doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;
- 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;
- kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter