Keyingi yildan yer tuzish sohasiga doir mutaxassisliklarga qabul kvotalari ko‘paytiriladi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida yer tuzish sohasiga oid mutaxassislarni qabul qilish bo‘yicha kvotalar 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab ko‘paytiriladi. Bu Prezidentning muhokamaga qo‘yilgan tegishli qarori loyihasida keltirilmoqda.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi markaziy apparatidagi Yer va kadastr nazorati boshqarmasi, uning tizimidagi «O‘zdavrloyiha» davlat ilmiy loyihalash instituti va uning hududiy bo‘linmalari, Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari hamda «Geoinformkadastr» davlat unitar korxonasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 135 nafardan iborat bo‘lgan Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda qishloq xo‘jaligida 25 mln.gektardan ortiq, shu jumladan 4,2 mln gektar sug‘oriladigan yer maydonlarida oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom-ashyo yetishtirilmoqda.
Qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 3 noyabriga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter