Kelishilgan o‘yinlar? Endi aniq faktsiz ham PFL ishni prokuraturaga oshiradi
Bugun O‘zPFL jamoalariga jiddiy xat yuboriladi. Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash masalasi 2019-yilda katta mavzu bo‘ladi. Bu haqda PFL xodimi Diyor Imomxo‘jayev o‘zining telegramdagi kanalida yozdi.
Uning aytishicha, endi aniq bir faktsiz ham PFL ishni prokuraturaga oshiradi. Biror-bir futbol klubi kamida uchta o‘yinda gumon qilinganining o‘ziyoq PFL uchun yetarli. «Qolganini shunday ishlarni ochishga aqli yetadigan organlarimiz qoyil qiladi, deb umid qilamiz», deb yozadi Diyor Imomxo‘jayev.
Shuningdek, u klublarga PFL tomonidan yuborilgan xatlarni OAV uchun yarishincha berib turadiganlarni ham ogohlantirgan: «Uch kishi bilgan narsa endi sir emas, dermidi. Bu mavzuda xalq o‘z «qahramonlari»ni bilsa ham zarar qilmaydi. Ular ko‘zlarini yaxshilab ochishsin, endi rahm-shafqat bo‘lmaydi».
«Futbol ichidagi ayrimlar topayotgan yuz millionlariga ham qanoat qilmay, o‘yinlarni sotishdan qo‘shimcha daromad ko‘rayotgani uchun ham davlat ularga nisbatan imtiyozlarni kamaytirib borishiga qarshi emasman. Yaxshi futbolchi Yaponiya, Xitoy, Koreya, Malayziya, BAA yoki Rossiyaga ketib ham oilasini boqaveradi. O‘z qarichidan balandroq sakray olmaydigani esa mehnati evaziga muxlis chorlasin, muxlis orqali daromad qilsin. Tekintomoqlik bizni olib kelgan nuqta hozircha shu», — deydi PFL xodimi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter