Keksa sinoralar «keksa sinora»ga qarshi (foto)
Gollandiyaning «Ayaks» jamoasi bugun, 16 aprelda Turinda «Yuventus»ga qarshi kechadigan Chempionlar ligasi ¼ finali javob uchrashuvi oldidan muxlislarni o‘z «Keksa sinoralari» (Italiya grandining laqabi ham xuddi shunday) bilan tanishtirdi.
Uch nafar xonim — 82 yoshli Mip, 84 yoshli Sonya hamda 76 yoshli Marianna (hammasining yoshi qo‘shilsa —242 yosh!) o‘z jamoalarini qanchalik sevishlari, unga qanday muxlislik qilishlari, qaysi o‘yinchilarni yoqtirishlarini aytishdi.
«Ayaks»ning ashaddiy fanatiman. Erim ko‘pincha futbolni tinchgina ko‘rish uchun yotoqqa kirib ketadi. Uningcha mening og‘zim tinmasmish, maydondagi voqealarni xolis baholamasmishman. Ammo bu o‘yinni shunchaki ko‘rib bo‘ladimi, hatto ba’zida o‘rnimdan sakrab turib ketaman.
Bugungi «Ayaks» haqiqatan ham yaxshi jamoa. O‘yinchilar bir-birlarini qo‘llashadi, bu juda muhim. De Ligt, Van de Beyek, Tadich, Ziyesh va Neres — ajoyib o‘yinchilar. Deyli Blindga ham gap yo‘q. Otasi yaxshi edi, ammo nazarimda, o‘g‘li undan ham o‘tadi.
Albatta, ular Turindan g‘alaba bilan qaytishlariga umid qilaman. «Yuventus» uncha zo‘rmas, biroq ularda Krishtianu Ronaldu bor. Dahshatli yigit!» — dedi Mip xonim «Ayaks» FK rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Amsterdamda bo‘lib o‘tgan birinchi o‘yin 1:1 hisobida tugagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter