Keksa jangchilarga tilla soatlar taqdim qilinmoqda
Shu kunlarda respublikamizda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga davlat rahbarining maxsus sovg‘asi, bir martalik pul mukofoti tantanali vaziyatda topshirilmoqda.
Olmaliq shahrining Navro‘z mahallasida 93 yoshli Abdukarim ota Mamatqulov istiqomat qiladi. Bugun uning xonadonida bir guruh faollar bilan birga viloyat hokimi G‘ulomjon Ibragimov mehmon bo‘lib, samimiy suhbatlashdi. Suhbat avvalida viloyat hokimi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning urush qatnashchisiga yo‘llagan maktubini o‘qib eshittirdi. So‘ngra Abdukarim otaga Prezidentning maxsus sovg‘asi – tilla suvi yugurtirilgan soat bir martalik pul mukofoti – 5 million so‘m tantanali vaziyatda topshirildi.
Viloyat hokimi Ohangaron tumani, Angren shahri, Piskent va boshqa tumanlardagi urush veteranlarining xonadoniga tashrif buyurib, esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Ayniqsa, Ohangaron tumani Qoraxitoy qishlog‘ida yashovchi Mahkamboy ota Po‘latov xonadonida bo‘lib o‘tgan uchrashuv katta bayram, to‘y-tomoshaga aylanib ketdi. El-yurt mehrini qozongan bu insonni davlat rahbari nomidan qutlash uchun mehmonlar kelayotgani haqidagi xabar bir zumda tarqalib, qishloq odamlari ushbu xonadonga jamuljam bo‘ldilar.
Bu yil viloyatdagi jami 148 nafar urush qatnashchisiga davlat rahbarining qimmatbaho sovg‘alari topshiriladi.
Behzod Qobulov, «Xabar.uz»ning Toshkent viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter