Prezident duoga ko‘mildi
Shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazrat bilan eng ko‘p suhbatlashgan baxtli insonlardan biri bo‘lsam kerak. Hazrat bilan ustoz-shogird bo‘lib, «7x7» va «Parvona» gazetalariga «Shayx Hazratdan saboqlar» ruknida maqolalar, savol-javob sahifalari tayyorlash davomida u zot bilan juda ko‘p uchrashganman. U kishining nomiga minglab savollar kelar, men uylariga olib borardim. Savollarni o‘qirdim, to‘xtovsiz javob berardilar. Bu javoblar keyin gazetalarda chiqardi. Ko‘plari «Zikr ahlidan so‘rang» kitoblariga ham kiritildi.
Hazrat bilan dunyoviy masalalarda ham, jamiyat va siyosatga oid masalalarda ham suhbatlashardik. Siyosatga imkon qadar aralashmas, munosabat bildirmas, savol ko‘ndalang qo‘yilganda ham «aylanib o‘tib ketar» edilar. Eng qizig‘i, o‘zlariga nisbatan noxolis munosabat ko‘rsatgan, hatto dillarini og‘ritgan rahbarlar-u, idoralar xususida ham biror marta salbiy fikr aytmas edilar.
Bir safar Chorsudagi Imom A’zam nomli masjid yonidagi Hazrat ochgan kitob do‘konidagi o‘zlarining barcha kitoblari, disklarini e’zozdagi xizmat xodimlari olib ketib qolishganidan, kitob do‘koni muhrlab qo‘yilganidan dillari og‘rib turgan ekanlar. Ammo o‘shanda ham yaxshi gumonda bo‘lgan edilar: «Ko‘rishadi, o‘rganishadi, bu ularning vazifasi, insha Alloh, aqllari yetsa, qaytarib berishadi, do‘konni ham ochib berishadi».
Na unisi bo‘ldi, na bunisi...
O‘shanda Hazratdan «Nega bunaqa, nega dinimizga erkinlik berishmaydi, nega rahbarlarimiz musulmonlarga qulaylik yaratib berib, duo olish o‘rniga hali soqolga, hali ro‘molga, hali do‘ppiga yopishishadi? Nega xalq tashna bo‘lib turgan Qur’on kitoblariga, «Tafsiri Hilol», «Hadis va hayot» kitoblaringizga ruxsat berishmaydi? Ozgina nusxada chiqarishga ruxsat olish uchun ko‘p vaqtingizni sarflaysiz va asablaringiz qaqshaydi?» deb savol bergandim.
— Siqilmang, hali ko‘rasizlar, shunday kunlar keladiki, davlatimiz rahbarlarining o‘zlari dinga homiylik qiladilar. Azonlar ovozi shaharlarni tutadi, yurtimizda ham Qur’on qorilarining musobaqalari bo‘ladi. «Islomiy kitoblarni bosinglar, elga tarqatinglar», deyishadi, shunda islomiy kitob yozadigan odamni topolmay ham qolasizlar. Islomiy radiolar, islomiy telekanallar ochiladi. Ana shu ishlarning hammasiga davlat rahbari bosh-qosh bo‘ladi. Elning duosini olish uchun ishlaydigan, uning roziligini axtaradigan rahbar keladi. Bu kunlarga uncha ko‘p qolgani yo‘q, hademay ko‘rasizlar, — degan edilar.
Ming afsuski, «hademay ko‘ramiz», demagan ekanlar. Ammo «hademay ko‘rasizlar» deganlari ham bugun menga bir avliyolik, muborak bashoratga o‘xshab tuyulmoqda. Rostdan ham bu bir buyuk bashorat emasmi?
«Elning duosini olish uchun ishlaydigan, uning roziligini axtaradigan rahbar keladi», deganlarida shayx Hazratimiz bugungi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni nazarda tutmaganmikanlar? Axir har ikki gapning birida rahbarlarga qarata: «Xalq uchun ishlang, xalqni rozi qiling, shunda Yaratgan ham sizdan rozi bo‘ladi», deb turgan, har bir ishidan el quvonayotgan, xalq duo qilayotgan rahbar — xalqning roziligini, Haqning roziligini axtarayotgan rahbar prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev emasmi?
Xalqning davlatga, hukumatga, rahbarlarga ishonchini, eng muhimi, ertangi kunga, uning yaxshi bo‘lishiga ishonchni qaytarib bergan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev emasmi?
Kechagi qilgan ishlari esa hammasidan oshib tushdi!
Shayx Hazratimiz tiklashni orzu qilgan, 27 yildan beri qarovsiz yotgan, chala qolib ketgan masjidga kelishlari, uni eng hashamatli masjid qilib tiklashga, u yerda boy kutubxona barpo etishga ko‘rsatma berganlari, Hazratimiz haqida el necha yildan beri biror rahbar aytarmikan, biror kattakon e’tirof etarmikan, deya kutib yotgan ulug‘ so‘zlarni aytishlari, quriladigan «Masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Hazratning nomini beramiz», deyishlari olamshumul yangilik bo‘ldi. Bu xushxabar o‘zbek xalqini, barcha musulmonlarni, Shayx Hazratimizning millionlab muxlislarini to‘lqinlantirib yubordi.
Bu gaplarni aytgan prezidentimiz, ammo millionlab oddiy insonlar bir-birini tabriklashmoqda. Bir-birlariga qo‘ng‘iroq qilib, «Axborot»ni ko‘rdingmi, takrorini ham ko‘r, prezidentimizning go‘zal so‘zlarini eshit, baraka topsinlar, Shayx Hazratimizning qadrlarini osmon bo‘yi ko‘tarib yubordilar», deyishmoqda.
Kecha muborak Umra ziyoratidagi yurtdoshlarimiz qo‘ng‘iroq qilishib, bu xushxabarni eshitib, benihoya sevinganlarini izhor qilishdi va jamoat bo‘lib, Ka’batullohda turib, prezidentimizning haqiga xolis duo qilishganini, Allohdan u kishining ezgu ishlari bardavom bo‘lishini, ikki dunyo saodatiga musharraf bo‘lishlarini tilashganini aytishdi.
Prezidentimizning xolis e’tiroflari bugun yurtimizda bayramga aylanib ketdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Prezidentimiz el ehtirom qilgan, pir tutgan Shayx Hazratimizning ruhlarini shod qiladigan amallarni qilar ekanlar, insha Alloh, hamma ishlarining oqibati xayrli bo‘ladi!
Prezidentimizdan mamnun el, xalq ham prezidentimizni duo qiladi.
Ilohi, prezidentimizning xalqni rozi qiladigan, elni xursand qiladigan ana shunday ishlari ko‘payaversin!
Bu ishlarda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Alloh yor, Qur’on madadkor bo‘lsin!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter